08:04 / 09.11.2020
4192
O‘zbekistondagi bog‘chalarda xitoy tilini o‘rganish joriy qilinishi mumkin

2020 yilning 5 noyabr kuni maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin va Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida kelajakdagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston hududida o‘yinchoqlar va turli xil o‘yin uskunalarini hamda didaktik materiallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.  

Shu bilan birga, suhbatdan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida xitoy tilini qo‘shimcha chet tili sifatida o‘rganish, bu borada xodimlar malakasini oshirish kabi masalalar ham o‘rin oldi.

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin va Xitoy elchisi Tszyan Yan Toshkent shahrida raqamli bolalar bog‘chasining pilot loyihasini ishga tushirishni ham muhokama qildi.

Shuningdek, Xitoyning “Sun Tsinlin” jamg‘armasi hamkorligi doirasida ixtisoslashtirilgan MTTlarda ta'lim sifatini oshirish, xodimlarning bilim salohiyatlarini kengaytirish masalalari borasida fikr almashildi.

Hamkorlik doirasida Xitoyda “Bolalarning erta rivojlanishi uchun innovatsion yondashuv” nomli Ikkinchi o‘zbek-xitoy forumini tashkil etish kelishib olindi.

Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi nomidan kam ta'minlangan oilalar farzandlariga 300 dona o‘yinchoq sovg‘a qilindi.

Top