23:48 / 09.11.2020
33183
Tramp Pentagon rahbarini iste'foga jo‘natdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Pentagon rahbari Mark Esperni iste'foga jo‘natdi. Mudofaa vaziri lavozimini 9 noyabrdan Terrorchilikka qarshi kurashish milliy markazi rahbari Kristofer Miller bajaradi.

Foto: Reuters

“Sizga Kristofer Miller, Terrorchilikka qarshi kurashish milliy markazining chuqur hurmatga ega rahbari shu ondan boshlab Mudofaa vaziri lavozimini bajarishini ma'lum qilishdan xursandman. Kris bu ishni ajoyib uddalaydi! Mark Esper o‘z lavozimidan olindi. Unga xizmati uchun minnatdorlik bildirib qolaman”, – deb yozgan Tramp tvitterda.

56 yoshli Esper ushbu lavozimni 2019 yil iyulidan beri egallab kelayotgandi.

Biroq Miller ham ushbu lavozimda uzoq qolmasligi ehtimoli bor, chunki AQSh prezidenti saylovlarida g‘alaba qozongani e'lon qilingan Jo Bayden ushbu lavozimga o‘z odamini tayinlashi mumkin. 

Avvalroq OAVda Esper iste'foga chiqishni o‘ylayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Bunga esa Tramp va u orasida yozda boshlangan ziddiyat sabab bo‘lishi mumkinligi aytilgan. AQSh Prezidenti armiya mamlakatdagi tartibsizliklarni bostirish bilan shug‘ullanishini istagan, biroq Esper bunga qarshi chiqqan.

Top