07:51 / 11.11.2020
3961
Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlar safi ortishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 10 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqib qabul qilishdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, mazkur qonun loyihasi bilan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi qonunga quyidagi asosiy o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bugungi kunda qonunning amaldagi tahririga binoan 11 ta tashkilotga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilgan. Endilikda bular safi kengaytirilib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish vakolati berilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartirishga binoan fuqarolar va yuridik shaxslar ham Konstitutsiyaviy sudga o‘zlarining konstitutsiyaviy huquqlarini tiklash yuzasidan umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan barcha himoya choralari tugagan taqdirda, muayyan ishda qo‘llanilgan qonunning konstitutsiyaviyligini aniqlab berishni so‘rab, shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunda konstitutsiyaviy sud tarkibida 7 ta sudya faoliyat olib bormoqda. Endilikda xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda qonun loyihasi bilan ular soni 2 taga ko‘paytiriladi. Xalqaro tajribaga binoan qonun ustuvorligi ta'minlangan davlatlarda eng kamida konstitutsion sudlarda 9 ta, eng ko‘pi bilan esa 19 ta sudyalar faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, konstitutsiyaviy sud sudyalari vakolatlari muddatiga ham o‘zgartirish kiritiladi. Jumladan, Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolati muddati – birinchi marta saylanganida besh yilni, keyingi saylanganida o‘n yilni tashkil etishi nazarda tutilmoqda. Amaldagi qonunchilikka binoan, ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emas va ikki muddatga ham 5 yildan saylanish tartibi belgilab qo‘yilgan.

Quyi palata yig‘ilishi yakunida qonun loyihasining qabul qilinishi Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yaxshilash, mamlakatda fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish hamda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlashga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Top