20:47 / 11.11.2020
7418
Saudiya Arabistonida xorijiy diplomatlar ishtirokidagi marosimda portlash yuz berdi 

Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi nomusulmonlar qabristonida Birinchi jahon urushi yakunlanganining 102 yilligiga bag‘ishlangan marosim vaqtida portlash yuz berdi. Tadbirda Yevropaning bir qator davlatlari diplomatlari ishtirok etgan.

Foto: AFP

“Al Jazeera” telekanalining Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berishicha, tadbir Fransiya elchixonasi tomonidan tashkillashtirilgan va unda Yevropa ittifoqi va boshqa davlatlar delegatsiyalari ishtirok etgan. Portlash oqibatida bir necha kishi jarohat olgan. Fransiya tashqi ishlar vazirligi “hech narsa bilan asoslanmagan” ushbu hujumni qoralagan.    

Marosim vaqtida qo‘lbola portlovchi qurilma harakatga keltirilgan. 

Fransiya tomoni Jiddadagi fuqarolarini shahar bo‘ylab harakatlanishda ehtiyotkor bo‘lishga va gavjum joylarga bormaslikka chaqirgan.  

“Jiddadagi nomusulmonlar qabristonida portlash yuz berdi. Yengil jarohat olgan 4 kishi, jumladan bir grek bor”, deb ma'lum qilgan ismi keltirilmagan gretsiyalik dimlomat.  

“Al Ikhbariya” telekanalining xabar berishicha, voqeadan keyin qabriston atrofida kordon qo‘yilgan. Telekanalning ma'lum qilishicha, portlash oqibatida Gretsiya konsulxonasi xodimi va podshohlik xavfsizlik xizmati xodimi jarohat olgan. 

Bu Jiddada oxirgi kunlarda xorijliklarga qarshi sodir etilayotgan ikkinchi hujumdir. Oktyabr oxirida saudiyalik fuqaro Fransiyaning Jiddadagi konsulxonasi qo‘riqchisiga pichoq bilan hujum qilgan va uni yaralagan.

Oktyabr va noyabrda musulmon davlatlarida Muhammad alayhissalomning karikatura qilingan rasmi e'lon qilinishi va Fransiya prezidenti Emmanyuel Makronning bu boradagi bayonotlariga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Noroziliklar 16 oktyabrda Fransiyada chechen millatiga mansub 19 yoshli Abdulloh Anzorov dars vaqtida o‘z o‘quvchilariga so‘z erkinligining namoyishi sifatida Muhammad alayhissalomning karikatura qilingan rasmini ko‘rsatgan o‘qituvchini o‘ldirganidan keyin boshlangan. Makron o‘qituvchining o‘ldirilishini “islom terrorchiligiga xos xatti-harakat” deb atagan. Fransiya prezidenti undan avvalroq, oktyabr boshidagi ma'ruzasida “islom dini dunyo bo‘ylab inqiroz holatini boshdan kechirmoqda” deya ta'kidlagan.

Top