11:07 / 17.11.2020
14228
«Endi vrachlarga bir og‘iz qattiq gapirmayman» – Qaynona tug‘ruqxona xodimlarining xizmatini e'tirof etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani tug‘ruqxonasida bir kunda ikki vrach qo‘lida 10dan ortiq ayolning ko‘zi yorigani haqida ma'lumot berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot xodimlari va ularning faoliyati bilan bog‘liq turli xil noxush xabarlar shiddat bilan tarqalib ketishi bor gap. Ammo professional faoliyati doirasida insonlar hayotini saqlab qolishdek sharafli vazifani ado etayotgan shifokorlar xizmati ko‘zga ko‘p tashlanmaydi. Ammo hech bir xolis xizmat e'tirofsiz qolmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Nishon tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksi shifokorlari! Oltin qo‘llaringiz dard ko‘rmasin! Oq xalatingizga gard yuqmasin!» sarlavhali maqolada shunday shifokorlar mehnati uchun minnatdorchilik bildiriladi. Quyida ushbu maqolani keltirishga qaror qildik. Unda tilga olingan shifokorlar mamlakatimizning har bir chekkasida borligiga shubha yo‘q», deyiladi vazirlik xabarida.

«Soat 23:00 larda homilador kelinimni tumanimiz shifoxonasiga olib keldik. 10 yillik tanaffusdan keyin katta nabiram ukalik bo‘lish arafasida...

Tong otguncha kutdik, bu orada yana bir necha ayolni qabul qilishdi.

Tongacha yangilik yo‘q... Ertalab vrachlar kesarcha qilish ehtimoli xaqida gap ochishdi.

Vahimaga tushdim. Qudam bilan maslahatimizni eshitgan bir kishi: «Bular mol do‘xtir sal narsaga pichoqqa yopishadi», – deb qoldi.

Bu gaplardan badtar vahima bosdi meni. O‘zim yaxshi tanimaydigan vrachlardan ko‘nglim qora bo‘ldi... Va kesarchaga ko‘nmadim.... Vrachlar qanchalik tushuntirishga urinishsa ham bizni ko‘ndirolmadi.

Men ham tashqariga chiqib tug‘ruqxona ro‘parasidagi o‘rindiqqa o‘tirdim. Kelinimning onasiga vrachlar haqida eshitganlarimni aytib yozg‘irdim. Viloyatga olib ketsakmikan, deb o‘ylab qo‘ydim.

Vaqt o‘tyapti... Xursand bo‘lib , tug‘ilgan nevara, jiyan, farzandlarni olib ketishyapti.

Tushdan keyin bo‘limga kirdim, ikki vrach Maryam Tosheva bilan Gulnoz Shopo‘latova menga tushuntira ketishdi. «Rozi bo‘lmasangiz bo‘lmaydi», deb. «Mayli, yana ozroq kutinglar, biz ham kerakli muolajalarni qilamiz», deb shoshilinch operatsiya xonasiga kirib ketishdi. Men ichkarida – bo‘limda qoldim.

Kechgacha shu bo‘limda o‘tirib, shifokorlarga rahmim kela boshladi. Operatsiyadan chiqib, yana operatsiyaga kirishadi...

Shu kunning o‘zida kechgacha ikki ayol – vrach akusher-ginekologlar o‘z brigadasi bilan 12 nafar ayolning tug‘ruq jarayonini eson-omon o‘tkazib olishi uchun xizmat qilishdi. Shulardan 5 nafari jarrohlik, ya'ni kesarcha yo‘li bilan amalga oshdi. Yarim soat ham tin olishmadi, tushlik qilishga vaqtlari bo‘lmadi...

Buni ko‘rib, ular xaqida o‘ylagan xunuk o‘ylarimdan uyaldim, to‘g‘risi.

Vrachlarga aytdim: «Nimani to‘g‘ri deb bilsangiz, shuni qilinglar, biz rozimiz».

O‘zimga o‘zim dedim: «Yaratgan egam bizni suyuntirsin. Menga nimaniki ravo ko‘rgan bo‘lmasin, mana shu qo‘li qo‘liga tegmay xizmat qilayotgan vrachlarga bir og‘iz qattiq gapirmayman».

Kelganimizga 1 sutka bo‘layozganida, operatsiya xonasidan mening nabiramni bag‘riga bosib, pediatr Abdurashid Xolmatov chiqib: «Xola, tabriklayman, qizcha bilan» deb, uni chaqaloqlar xonasiga olib kirib ketdi. Yaratganga behisob shukrlar bo‘lsin, bugun men ham shifoxonadan xursand bo‘lib ketgan ko‘pchilik safiga qo‘shildim.

Hurmatli shifokorlarimiz, o‘z kasbining fidokorlari – Maryam Tosheva, Gulnoz Shopo‘latova, ustoz shifokor Anora Dautova, pediatrlar Abdurashid Xolmatov, Gulnora Sultonova, anesteziolog Davlat Shoymurodov, doya Bibixol Rahmonova va mehribon hamshiralar, barchangizga kattadan katta rahmat!»

Top