10:19 / 17.11.2020
22443
Yo‘lovchi tashishga ruxsat yo‘q, ruxsati bor marshrut ham yo‘q, odamlar esa sarson. Samarqanddagi jiddiy muammo haqida

O‘nlab odam sig‘adigan avtobuslarda ham yo‘lovchi tashish davom etayotgan bir paytda aynan «Damas»ga ruxsat yo‘qligi chekka hududlarda yo‘lovchilar uchun muammo ustiga muammo tug‘dirmoqda.

Yaqinda Samarqand viloyati Toyloq tumanida shunaqa reyd bo‘ldiki, undan bexabar odam qolmadi hisob. Axir kuppa-kunduzi bozorga odam tashiyotgan mashinalarni ko‘chani to‘sib to‘xtatishsa va ularni sal kam 5 million so‘mdan jarimaga tortishsa, tumandagi bozorga chiqqan har bir odam bundan xabar topadi-da!

Yo‘q, bu mubolag‘a emas, 2020 yilda, Ilon Maskning kosmik kemalari koinotga «kira qilayotgan» vaqtda Toyloqda odamlarni bozorga olib borib, ro‘zg‘or tebratayotgan kirakashlarning yo‘lini to‘sib (!), karantinda sillasi qurigan oilalarga falon milliondan jarima qo‘llashmoqda.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: o‘sha kirakash haftada ikki kun bozorga odam tashib, ro‘zg‘orining teshigini yamasinmi, kimdir koronavirus yuqtirgan bo‘lsa, unga dori tashisinmi, moliga otning kallasiday qimmatlagan yem olsinmi, «o‘ta sezuvchan» yangi ASKUE hisoblagan svetning qarzini to‘lasinmi yoki qaysidir kabinetda o‘tirib buyruq bergan rahbarning kasriga yiqqan-terganini jarimaga atasinmi?

O‘sha kirakashlarning yo‘lini to‘sib, jarimaga solishni buyurgan katta karantin odamlarning belini bukib qo‘yganini, qassobxonalarda odamlar grammlab go‘sht olishga o‘tganini, mart oyidan buyon millionlab o‘zbeklarning dardi qanday qilib bo‘lsa ham kunini o‘tkazish bo‘lib qolganini bilarmikin?

Aslida litsenziyasiz yo‘lovchi tashish barcha viloyatlarda «gullab-yashnagan». Hamma shaharda ruxsatnomasiz yo‘nalishsiz taksilar ko‘chalarni to‘ldirib yuradi. Tabiiyki, ularning xizmatidan ko‘pchilik foydalanadi. Afsuski, bu muammoning ildiz otishiga sabab bo‘lgan omillar, haydovchilar nima sababdan noqonuniy yo‘lovchi tashiyotgani o‘rganilmagan ko‘rinadi. Samarqand viloyati misolida muammoni ko‘rib chiqishga harakat qilamiz.

Viloyatda transport boshqarmasi xodimlari tomonidan so‘nggi 10 oyda 2 864ta noqonuniy yo‘lovchi tashish holati aniqlanib, sudlarga yuborilgan. Faqat aniqlangan noqonuniy yo‘lovchi tashish holatlari soniki minglab ekan, qancha odam ruxsatsiz bu faoliyat bilan shug‘ullanishini tasavvur qilib ko‘ring. Mutaxassislar Samarqandda noqonuniy yo‘lovchi tashuvchilar soni 3000ta atrofida deb baholamoqda.

Yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida viloyat transport boshqarmasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan 718 marta qo‘shma reydlar o‘tkazilgan. Aynan noqonuniy yo‘lovchi tashish masalasida. Shunga qaramay, muammo yo‘qolmagan. Demak, faqat ruxsatsiz yo‘lovchi tashiyotganlarni ushlash va jarima qilish bilan ish bitmayotgan, ularning soni kamaymayotgan ekan, muammo tizimning o‘zida emasmikin?

Yo‘lovchi tashish, umuman, transport tizimida haydovchilar uchun qandaydir noqulaylik borki, ular «aylanma yo‘llar»dan yurishga majbur. Har holda, minglab hamyurtlarimizni qonunni buzishga moyil deyishga til bormaydi.

Aynan noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanayotgan haydovchilardan biri ana shu noqulaylik haqida so‘zlab berdi. Darvoqe, tegishli ruxsat asosida faoliyat yuritayotgan qator haydovchilar ham xuddi shu muammolar haqida aytmoqda.

O‘n soniyalik texnik va tibbiy ko‘rik

Bu muammolarning eng asosiysi (kulgili deyish ham mumkin) haydovchilarning har kuni albatta mashinani texnik ko‘rikdan o‘tkazishi va o‘zi ham tibbiy ko‘rikdan o‘tishi bilan bog‘liq.

Aytaylik, bitta yo‘lovchi tashish korxonasida 60 nafar taksi haydovchisi bor. Endi o‘ylab ko‘ring, bu haydovchilarning har biri texnik va tibbiy ko‘rik uchun bor ana, 10 daqiqadan sarflasa, 10 soat vaqt shu jarayonning o‘ziga ketib qoladimi? Haydovchida ishlash uchun qancha vaqt qoladi?

Shunday ekan, haydovchi ko‘rikdan o‘tganlikni tasdiqlovchi kunlik yo‘llanmani olishning boshqa yo‘llarini izlay boshlaydi. Darvoqe, aksariyat taksi haydovchilarining yo‘lovchilar bilan birga yo‘l-yo‘lakay korxona bazasiga kirib, «ko‘rikdan o‘tib» chiqqaniga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Qiziq, haydovchi bir necha soniyada qanday qilib tibbiy ko‘rikdan o‘tib, mashinasini ham texnik ko‘rikdan o‘tkazishi mumkin? Umuman, ko‘rib turganingizdek, har kuni ko‘rikdan o‘tishning mutlaqo iloji yo‘q, imkoni bo‘lsa ishlashga vaqt qolmas ekan, bu masxarabozlikdan kimga qanday naf bor?

Ikkinchi muammo shuki, qonuniy taksi faoliyatini yuritish uchun haydovchi yo‘lovchi tashish korxonalariga yillik litsenziyaga 3 million so‘mgacha to‘lov qiladi. Bundan tashqari, shaharda haydovchi kunlik 40-45 ming so‘m «putyovka» uchun (yo‘lovchi tashishga kunlik ruxsatnoma) to‘laydi. Biror sabab bilan ishga chiqmagan kunlarida ham haydovchi o‘sha «avliyo» ruxsatnoma uchun to‘lov qilishni davom ettiradi.

Ba'zi tumanlarda litsenziya bilan harakatlanadigan «Damas»lar ham kuniga 40-45 mingdan «putyovka» uchun to‘laydi. Bu to‘lovlarni qabul qilayotgan korxona esa haydovchi uchun hech narsa qilib bermaydi: na mashinasiga ehtiyot qism beradi, na tekin xizmat ko‘rsatadi va na yoqilg‘i quyib beradi. Qonuniy ishlashning mana shunday xarajatlari va ortiqcha, hech qayerda yo‘q kunlik boshog‘riqlari ruxsatsiz taksi faoliyati avj olishiga sabab bo‘lmayotganmikan?

Gap quruq bo‘lmasligi uchun Samarqand shahrining Dahbed va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishgan qismini olaylik. Bu hududda Ishtixon, Payariq, Oqdaryo va Qo‘shrabot tumanlariga qatnovchi yuzlab ruxsatsiz taksilarni ko‘rish mumkin. Agar reyd o‘tkazilayotgani haqida xabar tarqalsa, bu ko‘cha bir zumda bo‘shab qoladi. Yo‘lovchilar esa manzilga yetolmaydi. Birinchidan, qonuniy ishlashdan ko‘pchilik qochishini va uning sabablari yuqorida aytildi. Ikkinchidan esa, mazkur yo‘nalishlarda qonuniy taksi yo‘nalishlarining o‘zi yo‘q.

Misol uchun, Qo‘shrabot tumaniga hozirda rasman birorta ham qonuniy taksi qatnamaydi. Ochilganiga ancha bo‘lgan ikkita yo‘lovchi tashish korxonasining ham mashinalari bu yo‘nalishda ko‘rinmaydi. Ushbu material qoralanayotgan vaqtda Qo‘shrabotdan murojaat kelib qoldi, quyida ushbu murojaat aynan keltiriladi: «Mahallamiz tuman markazidan 18-20 km uzoqda joylashgan. Taksilar yo‘l haqi 8 ming so‘m, xohlasang shu deb turadi. Odam ko‘p bo‘lib ketsa, 10 ming so‘mga chiqarib olishadi, insof ham kerak. Mas'ullar qiziqib ko‘rishsa bo‘lardi».

Tumanlarda esa vaziyat chindan abgor. So‘nggi yigirma yilda tumanlarda asosan «Damas»dan foydalaniladi. Bu tarmoqda ham litsenziya olishning ma'lum talablari va yillik, kunlik to‘lovlari bor. Ammo nisbatan yo‘lovchi kam bo‘lgan aksariyat hududlarda qonuniy yo‘nalishning o‘zi yo‘q. Masalan, siz tuman markazidan qaysidir qishloqqa ruxsatnoma asosida faoliyat yuritmoqchi bo‘lsangiz, avvalo, xuddi shu yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchi tashish korxonasidan litsenziya olishingiz kerak. Ammo bu yo‘nalishda bunday korxonaning o‘zi yo‘q. Ana shu tarzda aksariyat tumanlarda o‘z o‘zidan barcha «Damas»lar noqonuniyga chiqib qolmoqda.

Misol keltiramiz: ko‘pchilik tumanlarda bo‘lgani kabi Toyloqda ham tuman markazidan mahallaga eltuvchi yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari yo‘q. Jamoat transporti qatnovi ham mavjud emas. Chunki yuqorida aytilganidek, kichik yo‘nalishlarda yo‘lovchi soni kam bo‘ladi. Ko‘pchilik haftada bir yo ikki kun bozorga chiqadi, xolos. Oqibatda bu yo‘llarda rasmiy ishlamoqchi bo‘lgan transport egalari yo‘lovchi tashish korxonalari so‘raydigan oylik to‘lovlarni yetkaza olmaydi. Dunyoning hech qayerida uchramaydigan kunlik texnik, tibbiy ko‘riklar tumanlar uchun ham bor kamiga...

Oqibatda bozor bo‘ladigan kunlari ko‘chaga chiqadigan fuqarolar ko‘chadan o‘tadigan shaxsiy avtomobillarga qo‘l ko‘tarishga, qaysidir «Damas» egasi bilan og‘zaki kelishuv qilishga majbur.

Biroq, haftaning bozor bo‘ladigan kunlari Toyloqda tez-tez bir manzaraga duch kelasiz: o‘zini transport boshqarmasi vakillari deb tanishtirgan xodimlar ishtirokidagi guruh «Damas» va boshqa yengil avtomashinalarni to‘xtatib, yo‘lovchi tashiyotgan yoki yo‘qligiga qiziqadi. Shu sababli tuman markazidan mahallalarga qatnaydigan mashinalar tezda tumtaraqay bo‘ladi va yo‘lovchilar aro yo‘lda qolib, jabr chekadi.

Albatta, noqonuniy yo‘lovchi tashish noto‘g‘ri. Ammo qonuniysining o‘zi bo‘lmasachi? Odamlar uchib yursinmi? Axir hammaning ham mashinasi bo‘lmasa. Fikrimizcha, ta'qib qilayotganlar va jarimaga tortayotganlar avval qonuniy yo‘nalishlarni ochib qo‘yishi kerak. Ta'qib va jarimalar kabi oson yo‘llar muammoning yechimi emas.

Mamlakatimizda yo‘lovchi tashishning bu kabi muammolariga yechim sifatida jismoniy shaxslarga yo‘lovchi tashishga ruxsat berilishi kutilayotgandi. Ammo uzoq yillardan beri kutilayotgan bu amaliyotga baribir ruxsat berilmadi. Xolbuki, bu prezidentning yashirin iqtisodiyotni qisqartirish borasidagi sa'y-harakatlariga juda mos edi.

Darvoqe, so‘nggi yillarda bir qator tumanlarda yo‘lga qo‘yilgan avtobus qatnovlari ma'lum muddat o‘tib yana to‘xtab qolgan holatlar ham kam emas. Buning sababi yana yo‘lovchilar noqonuniy taksilardan ortmayotgani bilan bog‘lanmoqda. Yo‘lovchi tashishning qonuniy yo‘liga esa ancha-muncha haydovchi rozi bo‘lmaydi. Faqat reyd o‘tkaziladigan kunlarda ruxsatsiz faoliyat ko‘rsatuvchilar ko‘chaga chiqmaydi va bu esa yuqorida aytilganidek, aholining manziliga yeta olmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Xullas, endigi masala shu: mutasaddilar transport xizmatidagi muammolar va ularning sababini, minglab haydovchilar noqonuniy yo‘lovchi tashishni tanlayotgani sabablarini o‘rganishlari lozim. Chunki sababni o‘rganmay oqibatlar bilan kurashib bo‘lmaydi. Axir, maqsad faqat qoidabuzarlarni aniqlash va jarimaga tortish emas-ku!

Yana bir gap. Viloyat transport boshqarmasiga ko‘ra, koronavirusga qarshi kurash respublika Maxsus komissiyasi qarori bilan «Damas»da yo‘lovchi tashishga bo‘lgan vaqtinchalik taqiq hali ham o‘z kuchida. Faqat ba'zi viloyatlarda hokim qarori bilan bunga ruxsat berilgan. Boshqa barcha transportda, jumladan, 40 kishilik avtobuslarda ham yo‘lovchi tashish davom etayotgan bir paytda aynan «Damas»ga ruxsat yo‘qligi yo‘lovchilar uchun muammo ustiga muammo tug‘dirmoqda.

Xulosa o‘rnida ikki og‘iz. Do‘stlar, bir narsani unutmaylik, rivojlanishga jamoat transportisiz erishib bo‘lmaydi. Agar odamlarimiz falon vaqtdan falon vaqtgacha uyiga olib boradigan va narxi aniq belgilangan marshruti bo‘lishini bilsa, ishxonada bemalol ishlaydi, kech qolib ketsa, sherigidan qarz olishga majbur bo‘lmaydi, oxir-oqibat oy boshida yo‘lkiraga deb ajratgan puli keyingi oylikkacha yetadi, ish unumdorligi oshadi. Mo‘ljalidan ortiq xarajat qilmagan fuqaroning biri ikki bo‘ladi. Fuqaroning boyishi esa Vatanning boyishidir.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.

Top