13:20 / 18.11.2020
7086
Dunyo bozorida gazga talab kamaygan bo‘lsa, ichki bozorga nega yo‘naltirilmayapti?
Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda moliya vaziri Temur Ishmetov joriy yilning 9 oyiga oid davlat budjeti bo‘yicha ma'lumot berdi. Ma'ruza yakuniga ko‘ra Oliy Majlis deputati Maqsuda Vorisova qator savollar bilan murojaat qildi.

– Hisobotda keltirilishicha, tabiiy gaz qazib olish 19.6 foizga, gaz kondensati ishlab chiqarish 34.7 foizga kamaygan. Bu bo‘yicha savol berilganda jahon bozorida gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabning pasaygani sabab sifatida ko‘rsatilgan. Yaxshi, jahon bozorida shunday vaziyat ekan, nega ichki bozorimiz – aholi talabi kundan-kunga oshib borayotgan bo‘lsa, shunga yo‘naltirilmayapti? Biz aholiga bu vaziyatni qanday qilib tushuntiramiz? 

Moliya vaziri bu savollarni Energetika vazirligiga yo‘naltirdi va ularga vazir o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev javob berdi:

– Tabiiy gaz jahon bozorida kamayganiga e'tibor qaratsak, O‘zbekiston respublikasida gaz qazib olish faqat “O‘zbekneftgaz” tomonidan emas, xorijiy kompaniyalar tomonidan ham amalga oshiriladi. Ma'lum bir davrda qo‘shma korxonalar eksportni to‘xtatganligi tufayli ishlab chiqarish kamaygan. Shu bilan birga, ichki bozorni ta'minlashga mas'ul bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Bu ishlar talab darajasida, ko‘zlangan rejalarga erishildi, deb ayta olmayman. Ammo, o‘tgan yillardagi ishlab chiqarish hajmi kamayish tendensiyasi to‘xtatildi. Ishonamizki, keyingi yil bu o‘z samarasini beradi.

Top