21:50 / 18.11.2020
24825
Dunyoning yashash qiymati bo‘yicha shaharlari reytingi ma'lum qilindi. Toshkent eng arzon shaharlar orasida

The Economist Intelligence Unit (EIU) tahlilchilari dunyoning yashash uchun eng qimmat va eng arzon shaharlari yangi reytingini e'lon qilishdi. Worldwide Cost of Living reytingining eng yuqori pog‘onasini Hongkong, Tsyurix va Parij egallagan. Ular yashash uchun dunyoning eng qimmat shaharlari deb topilgan.

Hongkong / Foto: EPA

“Koronavirus pandemiyasi AQSh dollarini kuchsizlantirdi, bu orada yevro va Osiyo valutalari mustahkamlandi. Bu omil tovar va xizmatlar narxiga ta'sir ko‘rsatdi”, deb tushuntirgan vaziyatni EIU vakili Upasana Datt.

Eng qimmat shaharlar beshtaligi quyidagicha ko‘rinish olgan: 

1-o‘rin − Tsyurix, Parij, Hongkong;
2-o‘rin − Singapur;
3-o‘rin − Tel-Aviv va Osaka;
4-o‘rin − Jyeneva va Nyu-York;
5-o‘rin − Kopengagen va Los-Anjyeles.

Singapurda narxlar pasaygani xorijlik ishchilar mamlakatni tark etgani bilan tushuntirilgan.

E'tiborlisi, Toshkent yangi reytingda oxirgi pozitsiyadan bitta oldingi pozitsiyani, ya'ni 132-o‘rinni egallab, Damashqdan keyin yashash uchun eng arzon shahar deb topilgan.

Shuningdek, yashash uchun eng arzon shaharlar orasida Lusaka (Zambiya), Karakas (Venesuela) va Almati ham bor.

EIU ekspertlari reytingni tuzishda oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechakdan tortib uy-joy ijarasi va bolalarning xususiy maktablardagi o‘qishigacha bo‘lgan 138ta turdagi tovar va xizmatlar narxini hisobga olishadi.

Etalon sifatida Nyu-York shahri olinadi. Bu shaharda yashash narxi 100 ball deb olinib, qolgan shaharlarga ularda yashash Nyu-Yorkdan arzonroq yoki qimmatroq aylanishiga qarab kamroq yoki ko‘proq ball beriladi.

Toshkentga joriy reytingda 29 ball berilgan.

Top