00:53 / 21.11.2020
7555
Pokiston bosh vaziri Imron Xon ilk marta Kobulga bordi
Foto: TOLOnews

Pokiston bosh vaziri Imron Xon Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani taklifiga binoan payshanba kuni ilk marta Kobulga bordi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar va Ashraf G‘anining Pokistondagi maxsus vakili Umar Daudzay Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroportda mehmonni kutib olgan.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Graan Xevadning aytishicha, Pokiston bosh vaziri mamlakatning tinchlik jarayonidagi o‘rni to‘g‘risida Afg‘oniston rahbariyati bilan fikr almashgan.

«Asosiy e'tibor Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi birodarlik, ikki tomonlama munosabatlar hamda Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni, mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishni yanada chuqurlashtirishga qaratiladi», deyilgan Imron Xon tashrifi oldidan e'lon qilingan bayonotda.

Sobiq professional kriket o‘yinchisi Imron Xon 2018 yildan Pokiston bosh vaziri bo‘lib ishlab keladi. Bu uning Afg‘onistonga ilk tashrifi bo‘ldi. Imron Xon Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan 2019 yilda Islomobodda ko‘rishgan. Bu galgi tashrifda ham asosiy masala Tolibon bilan tinchlik muhokamasi bo‘ldi. Afg‘oniston uchun asosiy siyosiy muammo bo‘lgan Tolibon harakatining Pokistonda harbiy bazalari mavjud, shu sabab Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar prinsipial ahamiyatga ega.

Top