10:54 / 28.11.2020
2527
Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risidagi qonun e'lon qilindi

«Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida»gi qonun e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Norma.
 
Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish – biologik materiallarni olish, undan foydalanish, uni saqlash va yo‘q qilish, shuningdek odamning shaxsini, tanib olinmagan murdani identifikatsiya qilish uchun genom axborotga ishlov berish va muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat.
 
Ushbu sohadagi vakolatli organ IIV hisoblanadi. Jarayonga bevosita quyidagilar jalb etilgan:

tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va sudlar;

IIV, Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-ekspertiza muassasalari.
 
Genom bo‘yicha ro‘yxatga olish uch bosqichda amalga oshiriladi:

1) biologik materialni – odamning va vafot etgan odamning (murdaning) tanasining (qoldiqlarining) hujayralari, to‘qimalari va ajralmalarini olish. Tanlab olingan material genomga oid axborotga – DNK muayyan qismlari to‘g‘risidagi kodlangan axborotni o‘z ichiga olgan shaxsiy ma'lumotlarga ega bo‘lishi muhimdir. Shu bois, agar birinchi marta lozim darajada tanlab olinmaganligi sababli genomga oid axborotni olishning imkoni bo‘lmasa, takroriy tanlab olishga ruxsat beriladi. Biologik materiali tanlab olinayotgan har bir shaxsga axborot kartasi to‘ldiriladi;

2) biologik materialdan genomga oid axborot olinadi. Davlat tomonidan uni muhofaza qilish kafolatlanadi. Genomga oid axborotga ishlov berish shart-sharoitlari uning yo‘qotilishi, buzilishi va undan ruxsatsiz foydalanilishi imkoniyatini istisno etishi kerak. Genomga oid axborotni o‘z ichiga oladigan elektron axborot resurslari noqonuniy yoki kutilmaganda foydalanilishi va ta'sir ko‘rsatilishidan muhofaza qilinadi;

3) genomga oid axborot Yagona ma'lumotlar bazasiga kiritiladi. Jarayonda avtomatlashtirilgan identifikatsiya tizimlaridan foydalaniladi. Yagona ma'lumotlar bazasida genomga oid axborot hisobga olinadi va saqlanadi.
 
Hujjatda biologik materialni olish, foydalanish, saqlash, berish va yo‘q qilish, shuningdek genomga oid axborotga ishlov berish va muhofaza qilish tartib-taomillari batafsil yoritilgan.
 
Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish ikki turda amalga oshiriladi:

a) ixtiyoriy tartibda – fuqarolar, chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yozma arizasiga binoan pullik asosda ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatga olish tartibi va to‘lov miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bedarak yo‘qolgan shaxslarning qarindoshlarini genom bo‘yicha ro‘yxatga olish bepul amalga oshiriladi;

b) majburiy tartibda, bunda quyidagilar ro‘yxatga olinadi:

og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar;

og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar;

biologik materiali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida olingan aniqlanmagan shaxslar;

tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari, qismlari).  
 
Genomga oid axborot hamda genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olinayotgan odamning shaxsi haqidagi ma'lumotlar maxfiy hisoblanadi. Ma'lumotlarni tegishli shaxsning yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va sudning so‘rovlariga binoan taqdim etiladigan hollar bundan mustasno.
 
Qonun 1.01.2023 yildan kuchga kiradi.

Top