21:29 / 28.11.2020
3730
Toshkentdagi ommaviy qabullar haftaligida qonunga zid tarzda bo‘shatilganlar ishiga tiklandi, unmayotgan xizmat haqi undirib berildi
Foto: Xalq qabulxonasi

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan ommaviy qabullar haftaligi doirasida muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining xalq bilan muloqoti tashkil qilindi. Prezident Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Adliya, Mudofaa, Tashqi ishlar vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mutasaddilari alohida shu'balarda aholi va tadbirkorlarning murojaatlarini tingladi.

Ommaviy qabulda Oliy sud mutasaddilariga 137 nafar, Bosh prokuratura mas'ullariga 91 nafar, Ichki ishlar vazirligiga 56 nafar murojaatchi o‘zlarining arizalari, shikoyatlari va takliflari bilan yuzlandi.  

Ancha yil Toshkent moliya institutida huquqshunos bo‘lib ishlagan Mirg‘ani Akbarov ishdan qonunga zid tarzda bo‘shatilganidan shikoyat qilmoqda. Uning murojaatini yaqinda Toshkent shahar prokuraturasi o‘rganib chiqqanida, bu fuqaroning chindan ham ishdan noqonuniy bo‘shatilgani aniqlangan. Ommaviy qabulga kelgan Mirg‘ani Akbarovga uni ishdan noqonuniy bo‘shatganlarga nisbatan jinoyat ishi ochilgani ma'lum qilindi.

Chirchiq shahrida yashovchi Shahnoza Qulfiddinovaning turmush o‘rtog‘i mayor Sherzod Umurov 2014 yili xizmatni o‘tayotgan vaqtida vafot etgan. Olti yildan beri farzandlarini yolg‘iz o‘zi ulg‘aytirayotgan bu ayol Mudofaa vazirligi mas'ullaridan 17 yoshli o‘g‘li Rustamni muddatli harbiy xizmatga yuborish uchun amaliy yordam so‘rab qabulga keldi. Vazirlik mas'ullari unga o‘g‘lining ota kasbini davom ettirishi uchun qonun doirasida barcha yordamni ko‘rsatishga va'da berdi.

Bekobodlik O‘ktam Hamroyev oilasini ham anchadan beri o‘ylantirayotgan masalaga ommaviy qabulda yechim topildi. U Mudofaa vazirligi mas'ullariga oilaviy sharoitini tushuntirib, 2014 yildan beri shartnoma asosida Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat o‘tayotgan o‘g‘li Feruz Hamroyevning xizmat joyini uyiga yaqin harbiy qismlardan biriga ko‘chirilishida amaliy yordam so‘radi. Bu murojaat ham tez orada hal qilib beriladigan, O‘ktam Hamroyev farzandining xizmat joyi Toshkent viloyatidagi harbiy qismlardan biriga ko‘chiriladigan bo‘ldi.

Toshkentlik Ulug‘bek Ibragimov bir paytlar ichki ishlar tizimida ishlagan, so‘ngra esa murojaatchining aytishicha, ishdan noqonuniy bo‘shatilgan. Ommaviy qabulda ishga tiklab berishlarini so‘ragan Ulug‘bek Ibragimovning murojaatini qonuniy o‘rganib chiqish va adolatli hal qilishni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘z nazoratiga oldi.

Poytaxtlik Temur Murodov ham qurilish korxonalaridan biridan ishdan noqonuniy bo‘shatilganini aytib, prokuratura mas'ullaridan qonuniy huquqlarini himoya qilish va tiklashda amaliy yordam so‘radi. Mas'ullar bu murojaatni har tomonlama chuqur, qonuniy va xolis o‘rganib chiqib, adolatli yechim topib berish uchun o‘zlariga besh kun muddat belgilashdi.

Tadbirkor Gulsara Umirova rahbarligidagi qurilish korxonasi Mirobod tumanidagi obektlardan birida 130 mln so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirgan bo‘lsa-da, 2019 yil aprel oyidan buyon bajarilgan ish uchun haqini undira olmayotgan ekan. Majburiy ijro byurosi mas'ullari bu masalani hal qilib beradigan bo‘ldi.

Ushbu ommaviy qabulda 414 nafar murojaatchining 431ta masalasi ko‘rib chiqildi. Ularning 86tasiga joyida yechim topilgan bo‘lsa, 95ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirish berildi, 250 ta murojaat bo‘yicha esa aniq muddat va mas'ullar belgilanib, nazoratga olindi.

Eslatib o‘tamiz, 24 noyabrdan boshlangan ommaviy qabullar haftaligi 1 dekabrga qadar davom etadi.

Top