08:38 / 03.12.2020
3131
Sirdaryo viloyatining uchta tumaniga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘i kirib bordi

Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlariga ilk marta markazlashgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘i kirib bordi. Bu haqda «O‘zsuvta'minot» AJ axborot xizmati xabar qildi.

Joriy yilning may oyida yuz bergan «Sardoba» suv omboridagi toshqin tufayli ushbu hududlar jiddiy talafot ko‘rdi. Ana shu talafotni bartaraf etish hamda Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida suv ta'minoti, oqova suv tizimini rivojlantirish maqsadida 16ta obektda ichimlik suvi, oqova suv tarmog‘i, yangi inshootlar bunyod etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish belgilangan edi.

«O‘zsuvta'minot» AJ tomonidan ushbu hududlarda jami 89,9 km masofada ichimlik suvi tarmoqlari, 6,9 km masofada oqova suv tarmoqlari tortildi. 6ta ichimlik suvi inshooti, 11 dona oqova suv haydash inshooti qurildi, mavjudlari rekonstruksiya qilindi. Ayni kunlarda yana bir nechta suv inshootlarini bunyod etish ishlari davom etmoqda.

Ushbu hududlarda yangi qurilgan ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uylar ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Yangi xonadonlarga suv hisoblagichlari ham o‘rnatilgan bo‘lib, bu ortiqcha suv sarfining oldini olishga xizmat qiladi.

Top