08:15 / 08.12.2020
1918
Ruminiya bosh vaziri iste'foga chiqdi 
Foto: Reuters

Ruminiya bosh vaziri Lyudovik Orban mamlakatda 6 dekabrda o‘tgan parlament saylovlarida u boshchilik qiluvchi Milliy liberal partiya yutqazgandan keyin iste'foga chiqdi. Orbanning ta'kidlashicha, u yangi muddatga bosh vazir lavozimiga ilgari surilmaydi.

Romania-Insider nashrining xabar berishicha, Orban tarkibiga o‘ng sentrist partiyalar kiradigan yangi koalitsiyani shakllantirish jarayoniga qo‘shiladi.

Orban o‘z telemurojaatida o‘z majburiyatlarini to‘laqonli bajargan holda ketayotganini aytgan. Avvalroq muxolif partiya uning hukumatini pandemiyani yengib o‘tishdagi qadamlari uchun tanqid qilgandi. 

Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis mudofaa vaziri Nikolaye Chukeni yangi parlament yangi hukumat uchun ovoz bermaguncha vaqtincha bosh vazir lavozimiga tayinladi. 

Ruminiyada o‘tgan parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, muxolif Sotsial-demokratik partiya (PSD) 30,5 foiz, hukmron Milliy liberal partiya esa (PNL) 29 foiz ovoz to‘plagan.

Biroq ta'kidlanishicha, sotsial-demokratlar hukumatni shakllantira olishi dargumon, chunki liberallarda ko‘proq ittifoqdoshlar bor.

Top