15:25 / 10.12.2020
1750
Milliy valuta devalvatsiyasi noyabr oyida 0,6 foizni tashkil etdi

Joriy yilning noyabr oyida iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Banklararo pul bozorining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi noyabr oyida Markaziy bank asosiy stavkasidan kichik ijobiy spred bilan 14,1 foizni tashkil etdi.

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank sharhida aytilishicha, iqtisodiyotda asosiy stavkaning pasaytirilishi, maqbul foiz stavkalari mexanizmining joriy etilishi, majburiy zaxiralash me'yorlarining yumshatilishi va likvidlik taqdim etish bo‘yicha Markaziy bank pul-kredit operatsiyalari hajmining ortishi fonida pul-kredit sharoitlarining nisbatan yumshab borishi davom etdi.

Milliy valuta almashuv kursining 2020 yil aprel oyidagi to‘g‘rilanishidan so‘ng valuta kursi dinamikasi nisbatan past darajadagi tebranish bilan xarakterlandi va asosan xorijiy valutaga talab va taklifning ichki fundamental omillari ta'sirida shakllandi. Milliy valuta devalvatsiyasi noyabr oyida 0,6 foizni va yil boshiga nisbatan 9,7 foizni tashkil etdi.

«Bunda xorijiy valutaga bo‘lgan talab trendi milliy valuta kursi shakllanishining asosiy omili bo‘ldi. Pandemiya sharoitida eksport tushumlarining qisqarishi oltin narxining ko‘tarilishi va mos ravishda Markaziy bank tomonidan «oltin-valuta zaxiralari neytralligi tamoyili»ni saqlab qolgan holda amalga oshirilgan intervensiyalar hajmining ortishi va inqirozga qarshi jamg‘armaning valuta mablag‘lari ishlatilishi hisobidan qoplandi.

Shu sababli, qat'iy karantin sharoitlarida ham valuta kursi nisbatan barqaror bo‘ldi (joriy yil aprel oyini istisno qilganda) va iqtisodiy faollikning tiklanishi sharoitida chet el valutasiga bo‘lgan kechikkan talabning namoyon bo‘lishi bilan devalvatsiya sur'atining biroz tezlashishi kuzatildi. Xususan, karantindan keyingi avgust-noyabr oylarida milliy valuta kursi 2,2 foizga qadrsizlandi.

Joriy yil noyabr oyi yakunlari bo‘yicha, so‘mning real samarali almashuv kursi ijobiy tafovuti qisqarib, o‘zining fundamental trendiga yaqin darajada shakllandi», - deyiladi MB ma'lumotida.

Qayd etilishicha, kelgusi yilda inflatsiya darajasining yanada pasayishi real samarali almashuv kursining muvozanat qiymatiga yaqin darajada saqlanishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi.

Top