08:44 / 12.12.2020
2722
Tigran Mkrtichev Savitskiy muzeyi direktori lavozimida ish boshlaydi

Tigran Mkrtichev 2021 yil 2 yanvardan boshlab I.V. Savitskiy muzeyi direktori lavozimida ish boshlaydi. Bu haqda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

Qayd etilishicha, 2020 yil 11 dekabr kuni Nukus shahrida Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san'at muzeyi direktori lavozimiga ochiq xalqaro tanlov natijasiga ko‘ra tayinlangan Tigran Mkrtichev va Qoraqalpog‘iston madaniyat vaziri Kalbay Turdiyev o‘rtasida shartnoma imzolandi. Tanlov 2019 yilda Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan.

Tigran Mkrtichev direktorlik faoliyatini I.V. Savitskiy muzeyi kolleksiyasini o‘rganish bo‘yicha xalqaro kengashni tuzish, shuningdek taniqli rassomlar, siyosatchilar va biznes vakillarini o‘z ichiga olgan xalqaro homiylik kengashini tashkil etishdan boshlaydi.

Muzey ishining asosiy ustuvor yo‘nalishlari xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, muzey fondini yaratish va fandrayzing dasturlaridan iborat bo‘ladi.

Top