15:04 / 17.12.2020
2775
«Aeroflot» niqob taqishni istamagan yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlarni maxsus jihozlaydi
Foto: CNN

Rossiyaning eng yirik aviatashuvchisi bo‘lgan «Aeroflot» kompaniyasi pandemiya taqozosiga ko‘ra tibbiy niqob taqishni istamagan yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar dizaynini o‘zgartiradi.

«Barcha yo‘lovchilarning xavfsizligini ta'minlash biz uchun favqulodda muhim», deydi avikompaniya matbuot kotibi Yuliya Spivakova.

Rossiyaning eng yirik milliy avikompaniyasi bo‘lmish «Aeroflot» yo‘lovchilarga samolyotga chiqayotganda, parvoz davomida niqob taqishni shart qilib qo‘ygan. Ovqat yo ichimlik iste'mol qilayotgan yo niqoblarni almashtirayotgan payt istisno holatlardir.

Lekin ayrim yo‘lovchilar qoidalarga bo‘ysunishmayapti. Samolyot havodaligida uni to‘xtatish yo qoidabuzar yo‘lovchilarni tushirib yuborish imkoni yo‘qligi bois, kompaniya niqob taqishni istamagan yo‘lovchilar uchun maxsus o‘rindiqlar tayyorladi.

«Bu boshqa choralar ham ko‘rilishi mumkinligini istisno qilmaydi», deb qo‘shimcha qildi Spivakova.

Samolyotda niqob taqish bo‘yicha har bir aviakompaniya o‘z siyosatiga ega. Qoidalarni ijro etish majburiyati asosan bort kuzatuvchilari gardaniga yuklanyapti.

Rossiya bortda niqob taqish qoidalari bo‘yicha muammoga duch kelayotgan yagona davlat emas.

Bu kabi noxush holatlar AQShda ham yuz berib turibdi. Masalan, joriy yilning iyul oyida bortdagi yo‘lovchilar aynan niqob masalasida janjallashib ketib, ulardan biri niqob taqmaslik «konstitutsion huquqi» ekanini pesh qilgach, Southwest Airlines samolyoti Denver aeroportiga qaytishga majbur bo‘lgandi.

Shu yilning avgust oyida AQShning Delta Air Lines kompaniyasi niqob taqishni rad qilgan 250 yo‘lovchini bir umrga aviakompaniya xizmatlaridan foydalanish huquqidan mahrum qilgandi.

Sentyabrda esa Yaponiyaning ichki reyslarida uchmoqchi bo‘lgan ikki yo‘lovchi niqob taqishni istamagani uchun samolyotdan tushirib qoldirildi.

«Aeroflot» parvoz davomida niqob taqish qoidalarini buzgan yo‘lovchilarni bir umrlik «qora ro‘yxat»ga qo‘shadimi yo boshqa usulda jazolaydimi, bu haqda hech narsa deyilmagan. Hozircha unday yo‘lovchilarni samolyotning izolyatsiyalangan qismiga joylashtirish ko‘zlangan natijani berishiga umid qilinyapti.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top