00:36 / 24.12.2020
5755
O‘zbekiston ko‘magi bilan Qirg‘izistonda 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurib bitkazildi

Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjay tumanida O‘zbekiston ko‘magi bilan 200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurib bitkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib qaytdi. Delegatsiya Botken viloyati Qadamjay tumani Markaziy tuman shifoxonasida bo‘ldi. U yerda Qirg‘iziston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alimkadir Beyshenaliyev va Qirg‘iziston hukumatining boshqa vakillari ishtirokida shifoxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ikki tomonlama muloqotlar davomida sog‘liqni saqlash sohasidagi  o‘zaro hamkorlik aloqalari, shu jumladan, COVID-19'ga qarshi birgalikda kurashish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tomonlar yuqumli kasalliklarni davolash, tashxislash va oldini olish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. 

Beyshenaliyev  yuqumli kasalliklar shifoxonasining qurilishi, uning jihozlanishida ko‘rsatilgan amaliy ko‘mak va taqdim etilayotgan gumanitar yordam uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, pandemiya davrida moliyaviy imkoniyatlar hamda davolash muassasalarida o‘rinlar yetishmayotgan murakkab sharoitda o‘zbekistonliklarning ushbu ko‘magi yuqori baholanishini aytib o‘tdi. 

Zamonaviy shifoxona qurilishi va jihozlanishi to‘liq O‘zbekiston tomonidan moliyalashtirildi va qisqa muddatlarda foydalanishga topshirildi. Muassasa zarur tibbiy jihozlar va mebellar bilan to‘liq jihozlangan bo‘lib, bemorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

200 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga va o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirishdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top