19:30 / 25.12.2020
22109
«Narx va yetkazib berishga ta'siri yo‘q». UzAuto Motors Asaka zavodining vaqtincha to‘xtashi haqida tushuntirish berdi

UzAuto 2021 yil yanvar oyida Asaka zavodi faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qildi. Kompaniyaning bildirishicha, bu yangi sifat standartlarini joriy qilish bilan bog‘langan.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto zavodida ishlab chiqarishni vaqtinchalik to‘xtatish bo‘yicha jamoatchilik orasida xavotir ortib borayotganligi sababli, to‘xtatib turish ishlab chiqarish liniyalarida yillik rejalashtirilgan profilaktika ishlarini amalga oshirish bilan bog‘liqligi ma'lum qilindi. Bu haqda kompaniya rasmiy xabar tarqatdi. 

«Shuningdek, tayyor mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalardagi barcha majburiyatlar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ma'lum qilamiz. Rejalashtirilgan profilaktika ishlarini amalga oshirish, ilgari shartnoma qilingan avtomobillarning narxi va yetkazib berish jadvaliga ta'sir qilmaydi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Ta'kidlanishicha, ushbu tadbir doirasida asosiy va yordamchi texnologik uskunalar va jihozlarni, kommunal xo‘jaliklarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini profilaktik tekshirish, modernizatsiya va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini olib borish, shuningdek, ishlab chiqarish liniyasini modernizatsiya qilish doirasida rejalashtirilgan ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Kompaniya  rasmiy vakilining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, zavod faoliyatida vaqtincha to‘xtalish bo‘lishiga qaramay, joylarda dilerlar tomonidan mijozlar bilan avtomobil xaridi bo‘yicha shartnomalar tuzilishi davom etadi.

Avvalroq,  respublikaning barcha hududlaridagi Chevrolet dilerlik tarmog‘i yangi standartlarga o‘tkazilishi ma'lum qilingandi. Bundan avval dilerlik tarmog‘ini Chevrolet brendiga o‘tkazish ishlari eksport bozorlarida boshlangan edi

Top