21:00 / 04.01.2021
28555
Toshkentda YPX xodimini mashinasi kapotida sudrab ketgan haydovchiga chora ko‘rildi

Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi internetda «Haydovchi YPX xodimini mashina kapotida sudrab ketdi» sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan ma'lumot berdi.

«2020 yilning 4 yanvar kuni soat 10:15 larda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Shahrisabz va O‘zbekiston ovozi ko‘chalari kesishgan chorrahada, Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi Y.Qosimxo‘jayev Nexia rusumli, 01 O 412 JB davlat raqam belgili avtomobil haydovchisi yo‘l belgisiga amal qilmasdan ortga qayrilib olgan vaqtida to‘xtash ishorasini bergan.

Haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan harakatini davom ettirgan. Mirobod tumani, A.Temur va S.Azimov ko‘chalari kesishgan chorrahada qoidabuzar haydovchi uni to‘xtatishga uringan YPX xodimining ustiga avtomobilini boshqargan va xodim avtomobil kapoti ustida osilib qolgan holatda 10–20 metr masofaga harakatlangan.

Ko‘rilgan tezkor choralar natijasida transport vositasi to‘xtatilgan.

Haydovchi, 1993 yilda tug‘ilgan B.I.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135- (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) va 194-moddalari (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan bayonnoma tuzilib, avtomobil ushbu kodeksning 291-moddasi tartibida vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan», deyiladi ma'lumotda.

Hozirda qo‘shimcha surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Top