Qariyb 20 yildan buyon soliq sohasida mehnat qilgan 41 yoshli Azizbek Ahmedovning bevaqt o‘limiga achinayotganlar ko‘p.

Marhum Azizbek Ahmedov

Ha, u svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida chorrahani kesib o‘tgani, boz ustiga transport vositasini mast holda boshqargani, YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani ta'kidlanmoqda. Biroq u ekspertizagacha borishga ulgurmadi. Endi uning o‘limidan avval mast yo hushyor bo‘lgani patologoanatom xulosasida o‘z aksini topadi.

Keling, uni mast bo‘lgan, deylik. Ha, aroq ichib mashina ruliga o‘tirishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Bunday haydovchilarni aniqlash va ularni jazoga tortish shart.

Ammo, Kattaqo‘rg‘ondagi voqeada YPX xodimlarining mast deb taxmin qilingan haydovchiga nisbatan kuch ishlatgani, yakunda haydovchi vafot etgani jamoatchilikning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

YPX xodimi — eng mojaroli kasb

Yodingizda bo‘lsa, MIB xodimlari uyma-uy yurib gaz, elektr, suv va boshqa kommunal to‘lovlarning pulini yig‘ishganda juda ko‘p mojarolar kelib chiqayotgan edi. Yangilik va internetdagi shov-shuvli videomurojaatlar asosan MIB haqida edi.

O‘shanda MIBchilar tom ma'noda birinchi raqamli mojaroli kasb sohiblariga aylanishgandi. MIB vakolatlari qisqartirilgach, bu «status» yana YPX xodimlariga qaytdi. Chunki kuchishlatar tizimlar ichida aholi vakillari bilan eng ko‘p yuzma-yuz aloqa qiladiganlar — Davlat yo‘l harakati xizmati xodimlari.

Shuning uchun yana internet YPX xodimlari bilan mojarolar tasvirlariga to‘lib toshyapti. Ularning noqonuniy xatti-harakatlarini fosh qiluvchi butun bir kanallar, blogerlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, hozir YPX xodimlarining xalq o‘rtasidagi reputatsiyasi anchagina yomon. Ko‘plab mojaroli holatlarda YPX xodimlari haq bo‘lib turgan taqdirda ham, xalq ularni aybdor sanamoqda.

Hech e'tibor berganmisiz, YPX inspektori biror nogironni yo‘lning narigi chetiga o‘tkazishda ko‘maklashib yuborgani, buzilib qolgan mashinani itarib o‘t oldirishga yordam bergani yoxud chorrahalardagi tartibsizlikni mohirona bartaraf etgani aks etgan foto yoki videolar ijtimoiy tarmoqlarda iliq kayfiyat bilan qarshi olinadi. Chunki odamlar bu kasb egalaridan bunday xayrli ishlarni kutmay qo‘yishgan. Afsuski, YPX xodimlari odamlar tasavvurida faqat salbiy ko‘rinishda shakllanib ulgurgan.