18:35 / 05.01.2021
14591
AQShda yana saylov: pastor va jurnalist Trampning senatorlariga qarshi. O‘rtaga prezident-Baydenning kelajagi qo‘yilgan

Bugun Amerikadagi yagona shtatda Jo Baydenning prezidentligi qanday kechishi hal qilinadi. Jorjiya Senatdagi oxirgi ikki vakantni to‘ldiradi, agar bu yerdan bir respublikachi saylansa ham, Donald Trampning partiyasi prezidentlik saylovlaridagi mag‘lubiyatdan keyin taskin beruvchi mukofotga ega bo‘ladi - respublikachilar Amerika parlamentining yuqori palatasida ustunlikni saqlab qolishadi.

Foto: Getty Images

Agar demokratlar noyabrdagi prezidentlik saylovlaridagi kabi azaldan respublikachilarniki bo‘lgan shtatda muvaffaqiyatga erishishsa, ular jyekpotni yutib olishadi: ular bir vaqtda Oq uy, senat va AQSh Kongressining Vakillar palatasida nazoratni qo‘lga olishadi.

Bu holda prezident-Baydenning qo‘l-oyog‘i senatda ustunlik qiluvchi respublikachilar tomonidan bog‘lab qo‘yilmaydi va u o‘zi istaganidek jiddiy islohotlar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Amerikaliklar hayotini tubdan o‘zgartiruvchi qarorlar qabul qilish uchun prezident farmonlari yetarli bo‘lmaydi, qonunlarni ham o‘zgartirish talab etiladi - bu esa Kongressga bog‘liq.

Agar respublikachilar kichik ustunlikni saqlab qolishsa, senatda ko‘pchilikni ham saqlab qolishadi va ular demokratlar faoliyatiga to‘sqinlik qilishda davom etishi mumkin bo‘ladi. Baydenning ma'muriyati Tramp qoldirgan meros bilan qoladi.

Mavjud boshqaruv uslubi Baydenga Trampning ayrim qarorlari, xususan, Eron bilan yadroviy kelishuvdan yoki iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqish haqidagi qarorlarni qayta ko‘rib chiqish imkonini beradi. Ammo Senat qo‘llovisiz va qonunlarni o‘zgartirmasdan prezident-Baydenning har qanday islohoti omonat islohotlar bo‘lib qoladi, keyingi prezident bunday islohotlarni bekor qilishi ham mumkin bo‘ladi.

Yosh qizchalar saylov uchastkalariga chorlashmoqda. Noyabrda aynan saylovdagi davomat tufayli demokratlar ustun kelishgandi

Aynan shu tufayli Jorjiyaning ikki okrugidagi senator saylovlari hududiy emas, umummilliy ko‘lamga chiqib qoldi.

Shtatga ko‘p oylar davomida prezidentlik saylovlarida chiniqqan barcha jangovar harbiy saylov mashinalari tashlandi. Nomzodlar shaxsan Tramp va Bayden tomonidan tashviq qilindi.

Nima uchun yana saylov, nima uchun bu qadar shovqin?
Prezidentlik saylovlarida Baydenga ovoz bergan amerikaliklar soni Trampga ovoz berganlardan 7 millionga ko‘p bo‘ldi va u  306 nafar delegat (Trampda 232) ovoziga ega chiqdi. Ammo Tramp hamon mag‘lubiyatini tan olmadi va saylovlarda uning ovozi o‘g‘irlanganini ta'kidladi - ammo u bu gapi uchun biror isbot keltirmagan. Uning sudlashishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi va mag‘lubiyatini tan olish onlari yaqinlashib kelmoqda.

Inauguratsiya marosimi 20 yanvarga belgilangan, 6 yanvarda esa Kongress saylov natijalarini - Baydenning g‘alabasini tasdiqlashi kerak. Odatda bu shunchaki rasmiyatchilik, ammo bu safar o‘nlab respublikachi senatorlar va Vakillar palatasi a'zolari qarshi chiqishmoqchi, bu esa demokratlar g‘alabani tantana qilishi o‘rniga ko‘ngilsizlik kelib chiqishi ehtimolini oshiradi.

Kapitoliydagi marosimdan avvalroq esa aynan Jorjiya vaqtinchalik jang sahnasiga aylandi. Yakshanba kuni AQShning amaldagi prezidentining Jorjiya shtati davlat kotibi Bred Raffensperger bilan telefon muloqoti audiosi tarqaldi. Unda Tramp amaldordan shtat saylovlaridagi mag‘lubiyatini bekor qilish uchun yetarlicha ovoz topishni talab qilgan. Seshanba kuni esa yana bir hal qiluvchi jang - Senat uchun saylov bo‘lib o‘tmoqda.

Hozirgi holatda Kongressning yuqori palatasidagi 100 o‘rindan 50tasi respublikachilarga tegishli, demokratlardan 48 vakil, qolgan ikki o‘rin egasi Jorjiyada aniqlanadi. Agar demokratlar bu shtatda ustunlikka erishishsa, 50ga 50 holati yuzaga keladi va hal qiluvchi ovoz - vitse-prezident Kamala Harrisniki bo‘lib qoladi.

Shu tariqa, demokratlar ustunlikka ega bo‘lishadi. Bunday kamtarona ustunlik hal qiluvchi islohotlarni amalga oshirish uchun ajoyib sharoit emas, ammo bu baribir senat to‘liq respublikachilarga tegishli bo‘lishidan yaxshiroqdir.

Senatdagi kuchlar nisbati 3 noyabrdagi saylovlardayoq aniq bo‘lishi kerak edi, o‘sha kuni amerikaliklar prezident bilan birgalikda Senat a'zolari va Vakillar palatasi a'zolarining uchdan bir qismini saylashdi. Ammo kutilmagan holat yuzaga keldi: Jorjiya shtatidagi ikki o‘rin o‘yinda qoldi.

Jorjiyada, Amerikaning boshqa ko‘plab shtatlaridan farqli o‘laroq, saylovlarda g‘alaba uchun kamida 51 foiz ovoz to‘planishi kerak - aks holda ikkinchi tur belgilanadi.

Senator-respublikachilar Devid Perdyu va Kelli Leffler birinchi turda qayta saylana olishmadi va ikkinchi turga o‘tishdi. Ularga ikki demokrat: jurnalist-tadqiqotchi Jon Ossoff va pastor Rafael Uornok raqiblik qilishmoqda.

Kim g‘alaba qozonadi?
Jorjiya - respublikachilar uchun meros shtat, demokratlar 1991 yildan buyon bu yerda g‘alaba qila olishmagan. Ammo Tramp olib borgan siyosat va demografiya shtatni ikkilanuvchi shtatlar toifasiga qo‘shdi.

Bayden va Harris bu shtatda Trampni katta qiyinchilik bilan yengishdi, kongressmenlar poygasida g‘olib bo‘lish esa undan ham qiyinroq.

Saylov dramasining yakuniy qismidagi asosiy shaxslar: Perdyu, Ossoff, Leffler va Uornok

Respublikachi Perdyu birinchi turdayoq g‘alaba qozonishi uchun 1 foizdan ko‘proq ovoz kamlik qildi: 71 yoshli senator 49,8 foiz ovoz oldi, uning 33 yoshli raqibi Ossoff esa 47,9 foiz.

Parallel kechgan poygada demokrat Uornok birinchi bo‘ldi, ammo u faqat 33 foiz ovoz to‘plagan. Ikkinchi o‘rinni egallagan Leffler 26 foiz to‘pladi, ammo uchinchi o‘rin ham respublikachilar nomzodiga tekkan (20 foiz).

Shu tufayli, qachonlardir Martin Lyuter King voizlik qilgan cherkovning qora tanli ruhoniysi ikkinchi turda ancha kuchaygan raqib bilan to‘qnashadi.

Shtatda ovoz berish jarayoni ancha oldinroq boshlangan, ovozlarni hisoblash esa mahalliy vaqt bilan 6 yanvar kuni kechqurun (Toshkent vaqti bilan 7 yanvar kuni kunduzi) boshlanadi. Prezidentlik saylovlari shuni ko‘rsatdiki, yakuniy natijalarni ko‘p vaqt kutish kerak bo‘ladi.

So‘rovlardan faqat kurash qizg‘in kechishini bilish mumkin. Ammo sotsiologlar noyabrdagi saylov bo‘yicha prognozlarida ko‘p xato qilishdi, shu tufayli ko‘pchilik yanvardagi saylov natijasini taxmin qila olishmayapti.

Top