18:59 / 07.01.2021
26701
Professor G‘ayrat Qoriyev: «Qarindoshlar o‘rtasida nikohga yo‘l qo‘yganlar jazolanishi kerak»

Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori G‘ayrat Qoriyev shifokorlar uchun ayniqsa murakkab o‘tgan 2020 yil so‘ngida «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» unvoni bilan taqdirlandi.

Shifokor Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston tibbiyoti, pandemiya va neyroxirurgiyaga doir qator masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

– Yaqinda «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi» unvoni bilan mukofotlandingiz. Otangiz Marat Qoriyev ham taniqli neyroxirurglardan biri bo‘lgan. Kasb tanlashingizda uning hissasi katta ekanini aytgansiz.

– Otam professor Marat Qoriyev yurtimizda neyroxirurgiya sohasining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan, neyroxirurgiya maktabining asoschisi sifatida tanilgan edi.

Shifokorlar oilasida, yoshligimdan otamning shogirdlariga davolash usullari bo‘yicha bergan maslahatlarini eshitib ulg‘aydim, qiziqishim oshardi. Otam ko‘pincha viloyatlarda murakkab operatsiyalar o‘tkazgani uchun uyda kam bo‘lardi. Ba'zan dam olish yoki ta'til kunlarida ukam ikkalamizni o‘zi bilan tez yordam mashinasida olib ketar edi. Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalaridagi shogirdlari uning ishini davom ettirishmoqda. Otamning vafotiga 12 yil bo‘ldi, lekin hamon har bir ishimni uning o‘gitlariga tayanib bajaraman.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning qo‘lidan mukofotni olarkanman, otam haqida, uning ishini munosib davom ettirishim va O‘zbekistondagi neyroxirurgik xizmatni takomillashtirishim kerakligi haqidagi yaxshi so‘zlarini eshitib xursand bo‘ldim.

– Tibbiyot uzluksiz o‘rganishni talab qiladigan soha. Neyroxirurgiyada bugun qanday yangi tadqiqotlar olib borilmoqda?

– Neyroxirurgiya – bu jadal rivojlanayotgan soha. Texnologik taraqqiyot va tibbiyot amaliyotiga zamonaviy diagnostika va terapevtik usullar joriy etilishi neyroxirurglardan doimiy ravishda o‘z ustida ishlashni talab qiladi. U muntazam o‘qishi, kasalliklarni tashxislash va davolash bo‘yicha zamonaviy yondashishi kerak. Hozir vaziyat tubdan o‘zgargan. Bugun dasturlash asosidagi MRT tekshiruvlari ko‘p operatsiyalarni og‘riqlarsiz amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zbekistondagi tibbiyot OTMlarida neyroxirurgiya yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga alohida e'tibor berilmoqda. Yosh mutaxassislar xorijning yetakchi klinikalarida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Ilgari chet elda o‘qish uchun moddiy yordam yo‘qligi sababli yosh mutaxassislar soni kam edi. Biroq, 2017 yildan boshlab prezident qarorlari tufayli davlat xorijda uzoq muddatli ta'limni moliyalashtirish uchun pul to‘lay boshladi. Bu juda muhim qadam.

– O‘zbekistonda murakkab onkologik operatsiyalarni o‘tkazish uchun imkoniyatlar qay darajada?

– Ba'zida bemorlar chet elda davolanish uchun qarz olishga, uy-joyini sotishga majbur bo‘lishadi. So‘nggi yillarda neyroxirurgik kasalliklarni davolashda ilgari mamlakatimizda mavjud bo‘lmagan ko‘plab operatsiyalar amaliyoti joriy etildi. Hozirda yurtimizning deyarli har bir viloyatida mamlakatimizda va xorijda o‘qib kelgan kuchli mutaxassislar bor.

Mavjud diagnostika va davolash uskunalarini modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda, bu esa aholiga ixtisoslashgan yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilaydi. Neyroxirurgiya markazi va hududiy klinikalarda ayrim turdagi uskunalar sotib olingan va ular amaliyotda qo‘llanyapti.

– Pandemiya davrida ishlash qanday bo‘ldi?

– Bu yil hamma uchun qiyin bo‘ldi va neyroxirurgiya sohasi ham bundan mustasno emas. Pandemiya davrida faoliyat ancha cheklandi. Markazdagi 150 o‘rinning atigi 25 tasi ishladi, xodimlarimiz ta'tilga chiqishga yoki taqsimlash markazlarida ishlashga majbur bo‘lishdi. Birgina bizning markazimizdagi 352 nafar xodimdan 127 nafari shunday kasalxonalarda ishlashdi. Bemorlar uchun ham sinov bo‘ldi bu davr. 7 nafar bemorimizda koronavirus infeksiyasi aniqlanib, ulardan 5 nafari keyinchalik koronavirusga chalingan bemorlarni davolovchi kasalxonalarda vafot etdi. Markaz xodimlarining aksariyati bu infeksiyani yuqtirishdi va xayriyatki, hammasi tuzalib ketishdi.

Bu yil o‘tkazilishi kerak bo‘lgan bosh miya abssesslari operatsiyalari koronavirus infeksiyasi sabab kechikdi. Shuningdek, kavernoz sinusi trombozidan yordam so‘rab ko‘plab murojaatlar bor edi. Bu kasallik jarrohliksiz uzoq muddatli davolashni talab etadi. Ayrim xususiy klinikalar buni jarrohlik yo‘li bilan davolashlarini aytishmoqda, lekin bunga ishonishni tavsiya etmayman. Dunyoning biron bir davlatida bu kasalni jarrohlik bilan davolash qo‘llanilmaydi.

– Neyroxirurgik kasalliklardan aziyat chekayotganlar orasida bolalar soni ko‘p. Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan osonroq. Bunday kasalliklarga chalinmaslik uchun ota-onalar nimalarga e'tibor berishlari lozim?

– Afsuski, bunday kasalliklar bolalar o‘rtasida sezilarli darajada uchraydi. Dunyo miqyosida solishtirganda bizda bu ko‘rsatkich nisbatan kam, ammo borligi achinarli.

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar bolalarda bu kabi kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lyapti. Ushbu nuqsonlarni davolash uchun davlat katta miqdordagi mablag‘ sarflamoqda, ammo buning kelib chiqishini bartaraf etmasak hammasi befoyda.

Meni to‘g‘ri tushunishlarini xohlayman, qarindoshlar nikohidan tug‘ilgan bolalarda shunday kasallik aniqlansa, davolash xarajatlarini nikohni tashkillashtirgan ota-onalar majburiy ravishda to‘lashlari, shuningdek, ushbu nikohni ro‘yxatdan o‘tkazgan shaxslar ham javobgarlikka tortilishi shart.

Ehtimol, shundagina bunday kasalga chalingan bolalar soni kamayadi.

Oxirgi paytda kasalliklar «yosharmoqda». Sababi oddiy – bola kompyuterda soatlab o‘tiradi, asab tizimini charchatadi, ko‘rish qobiliyati buziladi va eng muhimi, sog‘lom turmush tarzi yo‘qoladi.

– Pandemiya ko‘p narsani tahlil qilishga imkoniyat yaratdi, ayniqsa tibbiyot sohasida. O‘zingiz faoliyat yuritayotgan tizimda nimalarnidir o‘zgartirish kerak degan fikr bo‘ldimi?

– Bu yil pandemiya bizni dunyoga yangicha qarashga o‘rgatdi. Pandemiyada avvalo nazoratni kuchaytirish, hamma o‘zini filtrlashi, kasallikka gumonlanuvchi bemorlarni izolyatorda saqlash lozim.

Ikkinchidan, tibbiy muassasani alohidalash. Ya'ni muassasadagilarning tashqaridagilar bilan muloqotini cheklash.

Uchinchidan, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, onlayn konsultatsiyalarni ko‘paytirish va hududlararo klinikalar muloqotini kengaytirish lozim.

Men yana bir narsaga e'tibor qaratmoqchiman. Mehnat kodeksiga binoan, yiliga 3 oygacha haq to‘lanmaydigan ta'tilga ruxsat beriladi. Pandemiya natijasida bolalar bog‘chalari va maktablari ishlamay qoldi, ayrim xodimlar 3 oydan keyin ishdan chiqishga majbur bo‘ldilar. Ushbu moddani pandemiya vaqtida to‘xtatib turish to‘g‘risida biz tibbiyot xodimlarining kasaba uyushma qo‘mitasiga va Mehnat vazirligiga yozma ravishda murojaat qildik, ammo javob bo‘lmadi. Ayni paytda ham pandemiya tugamaganini hisobga olsak, bu masalaga e'tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi.

– Inson miyasi uni boshqaruvchi murakkab tuzilma. Siz esa shu miya faoliyatini bevosita o‘rgangan mutaxassissiz. Inson miyasini qanday ta'riflagan bo‘lardingiz?

– Miya noyob a'zo. Insoniyat miya anatomiyasini 100 foiz o‘rgangan, ammo uning funksional qirralari hali to‘liq ochilmagan. Odamda 100 milliardga yaqin neyronlar mavjud, ammo uning 10 foizigina ishlaydi, qolganlari esa harakatsiz holatda va faqat ma'lum sharoitlarda ularni «yoqish» imkoni bor. Biron bir jarohat yoki stressdan so‘ng, odam ilgari o‘rganmagan bir nechta chet tillarini mukammal gapirishi yoki favqulodda yetti xonali sonlarni kalkulyatorsiz hisoblay olishi mumkin. Bunday misollar ko‘p.

Miyaning yana bir qobiliyati – funksional tiklanish. Ba'zida shikastlanish yoki kasallik oqibatida odamda ayrim xususiyatlar yo‘qolishi mumkin. Vaqt o‘tishi bilan bu xususiyat miyaning boshqa qismida tiklanishi ehtimoli bor. Faoliyatimda bunga guvoh bo‘lganman. Ayniqsa, bolalar va o‘spirinlarda buning ehtimoli katta, chunki ularda miya o‘sadigan holatda bo‘ladi.

Neyroxirurg mo‘ljalda adashmasligi kerak, chunki bitta noto‘g‘ri harakat yoki 1–2 mm chetga burilish bemorni to‘shakka mixlashi yoki o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Miyani operatsiya qilishda neyroxirurg anatomiya va nevrologiyani yaxshi bilishi, qo‘llari harakatchan bo‘lishi kerak.

Operatsiyadan so‘ng bemorining ahvoli yaxshilanganini ko‘rish – neyroxirurg uchun eng katta baxt.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Top