14:30 / 10.01.2021
1741
XDP Davlat dasturi loyihasiga takliflarni respublika bo‘yicha shakllantirmoqda
Foto: Xalq demokratik partiyasi

2020 yil 9 yanvar kuni Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi videomuloqot tarzida tashkil etildi. Partiyaning joylardagi tashkilotlari mutasaddilari, mahalliy Kengashlar deputatlari, jami 300 nafarga yaqin faollar hududiy studiyalardan ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga va xalqqa Murojaatnomasida belgilangan ustuvorliklardan kelib chiqib, O‘zbekiston XDPning deputatlik birlashmalari oldida turgan dolzarb vazifalar to‘g‘risidagi masala muhokama etildi.

Yig‘ilishni Xalq demokratik partiyasining parlament Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov olib bordi.

Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar tarixan muhim pallada xalqimizning erkin va farovon hayoti yo‘lida barchamizni jipslashtirib, yangi marralar sari ruhlantirayotgani alohida ta'kidlandi. Mamlakatimiz Mustaqilligining qutlug‘ sanasi – 30 yilligi keng nishonlanadigan joriy yilda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!”, degan yagona maqsad atrofida birlashib, mas'uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda, fidokorona mehnat qilib yashash kerak, dedi partiya yetakchisi.

Murojaatnomada jamiyatning barcha sohalarini ilg‘or demokratik mezonlar asosida isloh etish bo‘yicha strategik vazifalar belgilab berildi, bu vazifalarni hayotga samarali joriy etish fuqarolik jamiyati institutlari, ayniqsa, siyosiy partiyalar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi.

Ta'kidlandiki, Xalq demokratik partiyasi Murojaatnomada belgilangan vazifalarni, g‘oyalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi, dasturiy maqsadlariga erishish, elektorat manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ustuvor hujjat sifatida yondashadi.

Murojaatnoma asosida qabul qilinadigan joriy yilgi Davlat dasturiga 6 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha deputatlar, partiya faollari o‘z takliflarini bildirishmoqda. Hozirgacha hududlardagi partiya faollari va deputatlardan 100 dan ortiq takliflar kelib tushdi, shuningdek, fraksiya a'zolari parlamentdagi debat va muhokamalarda elektorat manfaatlaridan kelib chiqib taklif-mulohazalarini bildirib kelmoqda.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar Prezidentimizning bu yilgi Murojaatnomasida Xalq demokratik partiyasi uchun prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga alohida e'tibor qaratilgani, Saylovoldi dasturida g‘oya sifatida ilgari surilgan 10 dan ortiq vazifa yuzasidan aniq choralar belgilanganini qayd etishdi.

Xususan, kambag‘allikni qisqartirish va turmush farovonligini oshirish islohotlarning pirovard maqsadi bo‘lishi, aholining minimal xarajatlari e'lon qilinishi, vaqtincha ishsizlik nafaqasi oshirilishi, birinchi marta chin yetim bolalarni uy-joy bilan ta'minlash uchun 50 milliard so‘m ajratilishi, muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, chekka qishloq yoki mutaxassislar tanqis hududlarga borib ishlaydigan yosh kadrlarga 100 foizgacha ustama haq to‘lanishi, nogironlikni belgilash bo‘yicha ijtimoiy modelga o‘tilishi bilan bog‘liq vazifalar partiya dasturiy maqsadlari bilan uzviy va hamohangdir.

Yig‘ilishda partiya tashkilotlari, parlamentdagi fraksiyasi va joylardagi deputatlar oldida turgan vazifalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Muhokamalar yakuni bo‘yicha partiya tashkilotlari va deputatlarning 8 ta yo‘nalishda vazifalari belgilandi.

Avvalo, partiya tizimida Murojaatnomani tahliliy o‘rganish, taklif va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng tushuntirish maqsadida butun partiya va deputatlik tizimida mutaxassislar, tajribali deputatlar ishtirokida amaliy seminarlar o‘tkaziladi. 

“Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturiga bildirilayotgan takliflar tuman – viloyat – respublika tartibida umumlashtiriladi. Takliflar Murojaatnomada belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari hamda partiya elektorati manfaatlari bilan bog‘liq bo‘ladi.

Bundan tashqari, partiya tizimida deputatlar, hamkor tashkilotlar bilan amalga oshiriladigan loyihalar Murojaatnoma yo‘nalishlaridan kelib chiqib, takomillashtiriladi. Bunda yoshlarni kasb-hunarli qilish, bandligini ta'minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, ehtiyojmand oilalarning kambag‘allikdan chiqishga intilishini kuchaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

Mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari elektorat manfaatlari bilan bog‘liq ijtimoiy masalalarni o‘rganib, parlamentda tashkil etiladigan “Hukumat soat”lariga vazirlik-idoralar axborotini eshitish bo‘yicha masalalar tayyorlaydi, natijada fraksiya tashabbusi bilan joylardagi aniq muammoli holatlar muhokamasi tashkil etiladi.

Shu tariqa Murojaatnomada qo‘yilgan yo‘nalishlar hamda partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha mahalliy Kengashlardan parlamentdagi fraksiyagacha bo‘lgan nazorat-tahlil tizimi yaratiladi.

Murojaatnomada ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar amalga oshishi, natijadorlikka erishilishi joriy yilda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyatida ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Xalq demokratik partiyasi
Axborot xizmati

Top