19:04 / 21.01.2021
13714
Bag‘dodda uch yil ichidagi ilk terakt: ikki portlash oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi

Iroq sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat poytaxtidagi bozorda xudkush tomonidan sodir etilgan ikki portlash oqibatida kamida 32 kishi halok bo‘lgan va 110 kishi yaralangan.

Foto: Reuters

Iroq armiyasi vakilining aytishicha, terrorchi Bob al-Sharqiy tumanidagi Tayaran maydonidagi sabzavot bozorida o‘zini portlatib yuborgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, maxsus xizmatlar terrorchini ta'qib qilishgan, ammo u portlovchi moddani harakatga keltirishga ulgurgan.

Bag‘dodda xudkush ijrosidagi terakt so‘nggi marta 2018 yil yanvarida sodir etilgandi. So‘nggi o‘n yillikda Iroqning tinch aholisiga bu kabi hujumlar uyushtirilishi oqibatida mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Hozirgacha biror terrorchi tashkilot Bag‘doddagi terakt uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi, so‘nggi yillarda bu kabi hujumlar IShID a'zolari tomonidan amalga oshirilgan.

«Bu hujum ortida IShID terrorchilari turgan bo‘lishi ehtimoli yuqori», degan Iroq fuqaro muhofazasi kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Kadim Salman. U IShIDni ifodalash uchun arabcha abbreviaturani qo‘llagan.

IShIDga qarshi xalqaro amaliyot boshlanguniga qadar jangarilar Iroq va Suriyada jami 88 ming kv. km maydondagi hududni egallab olishgandi - bu Avstriya yoki Chexiya maydonidan kattaroq. Iroqdagi eng yirik ikki shahardan biri, milliondan ortiq kishi yashaydigan Mosul va Suriyaning ikkinchi yirik shahri bo‘lgan Raqqa ham ushbu hudud ichida qolgandi.

2017 yilda IShIDning qurollangan otryadlari tor-mor etilgan, ammo kichik guruhlar yashirin tarzda faoliyat ko‘rsatishda davom etgan.

Shu haftada mamlakat energetika vazirligi ekstremistlar tomonidan infratuzilmalar obektlariga hujumlar uyushtirilgani haqida xabar bergandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda hujum vaqti olingan video tarqalgan, unda xudkush odamlar to‘planib turgan maydonda o‘zini portlatgani aks etgan.

«Assoshieyted Press» agentligi xabariga ko‘ra, bu hujum IShIDning boshqa teraktlarini eslatgan va Iroq hukumati shu hafta oktyabr oyida muddatidan oldingi saylovlar o‘tkazilishi haqida xabar qilganini eslatgan.

Yangi saylovlar o‘tkazilishi 2019 yil kuzida korrupsiya va davlat organlari faoliyatiga norozilik sifatida ko‘chalarga chiqqan namoyishchilarning talablaridan biri edi.

Namoyishlar bostirilishi vaqtida kamida 550 kishi halok bo‘lgan. Lekin namoyishchilar bosh vazir iste'foga chiqishiga, shuningdek, 2020 yilda hukumat namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlarning oila a'zolariga tovon puli to‘lashni va'da qilishga erishgandi.

Mitinglar va huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlar shu vaqtga qadar davom etib kelmoqda, Iroq iqtisodiyoti esa jahon bozorida neft narxi pasayib ketgani tufayli inqirozli holatda qolmoqda.
 

Top