23:12 / 24.01.2021
34882
«Odamlar prokurorga o‘g‘riga qaragandek qaramasligi kerak» - Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifining ilk kunida faollar bilan muloqot qildi. Muloqot davomida davlat rahbari viloyatning yangi tayinlangan prokurori Mahmud Istamovga murojaat qildi.

«Qanday qo‘pol bo‘lmasin, bu – jamiyatimizdagi haqiqat. O‘zbekistonda korrupsiyani yo‘q qila olmayapmiz.

Prokuror degan nomga munosib bo‘lish kerak! Qonun ustuvorligini ta'minlash kerak. Prokurorga odamlar, bilasizlarmi, yorug‘ yuz bilan qarashi kerak, o‘g‘riga qaragandek qarashi kerak emas», – dedi prezident.

Davlat rahbari yana bir bor qarsakbozlik qilmaslikni so‘radi.

«Gaplashish kerak. Haqiqat – muloqotda. Qarsakda haqiqat yo‘q. Qarsakda haqiqat bo‘lganida biz juda buyuk bo‘lib ketardik.

30 yil qarsakni o‘rgandik hammamiz. Bu bizga manfaat bermadi», – ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident matbuot xizmati e'lon qilgan reportajdan ko‘rinishicha, davlat rahbari Olot tumanini rivojlantirishga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovni shaxsan mas'ul etib tayinlagan.

Top