12:14 / 26.01.2021
1473
Jizzaxdagi harbiy qismda 200 nafar yoshlar uchun “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” boshlandi
Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Jizzax viloyati harbiy ma'muriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatidagi harbiy qismda “Yosh vatanparvarlar yig‘ini” loyihasi asosida 18–25 yosh atrofidagi 200 nafar yoshlar 10 kun muddatda jangovar, sport o‘yinlari, ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik hamda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha mashg‘ulotlarga jalb qilinadi.

Bu yerda harbiy fanlardan tashqari, yigitlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar tomonidan turli mavzudagi treninglar o‘tkaziladi. 

Jizzax viloyatidagi 12 ta tuman va Jizzax shahridan harbiylikka qiziqishi yuqori va asosiysi o‘z istagiga ko‘ra kelgan yoshlarga harbiy liboslar berildi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Guruhlarga bo‘lib, yotoqxonalarga joylashtirildi. Askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat ta'minoti yo‘lga qo‘yildi. 10 kun davomida yoshlarni "G‘alaba bog‘i" ga sayohati ham rejalashtirilgan.

Yig‘in yakunida jismoniy va axloqiy-ruhiy jihatdan yaxshi va a'lo ko‘rsatkichlar qayd etgan 10 nafar yoshlar Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov buyrug‘iga ko‘ra, mart-aprel oylarida bir oylik xizmatga, may oyidan esa shartnoma asosidagi harbiy xizmatga qabul qilinadi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 yanvar kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida davlatimiz rahbari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya bilan birgalikda harbiy ma'muriy sektorlari ham oldingi qatorlarda bo‘lishini ta'kidlagandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Top