01:18 / 27.01.2021
28800
Putin va Bayden ilk marta telefonda gaplashdi
Foto: Sputnik

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda AQShning 46-prezidenti Jo Bayden ilk marta telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida yozildi.

Manbada aytilishicha, Putin hamkasbini faoliyatini boshlagani bilan tabriklagan. Putin suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning normallashishi butun dunyodagi xavfsizlik uchun yaxshi ekanini ta'kidlagan. Tomonlar yadro qurolini ishlatishni cheklash bo‘yicha kelishuvni uzaytirishga qaratilgan notalar almashinuvini olqishlashdi. Bu borada kelishuvlar tez orada yakunlanishi ma'lum qilindi.

Rossiya va AQSh tomonidan 2010 yil imzolangan bu kelishuv 2021 yil 5 fevralda yakunlanishi kerak edi. Tomonlar kelishuvni yana 5 yilga uzaytirish bo‘yicha qo‘l ostidagilarga topshiriq berishdi. Putin hujjat muddatini uzaytirishni ratifikatsiya qilish bo‘yicha davlat Dumasiga ko‘rsatma bergan.

Bayden va Putin koronavirusga qarshi kurashda o‘zaro hamkorlikni muhokama qilishdi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalar haqida ham gaplashishdi. Prezidentlar AQShning ochiq osmon kelishuvidan bir tomonlama chiqib ketgani va Eron yadro dasturi bo‘yicha birgalikda harakat qilish kabi mavzularga ham to‘xtalgan. Putin BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zolari ishtirokida sammit o‘tkazishni taklif qildi.

Kreml saytida yozilishicha, suhbat samimiy ruhda kechgan va keyinchalik aloqada bo‘lish kelishib olingan.

Oq uy versiyasi

Oq uyning suhbat haqidagi xabarida esa Kreml qayd etmagan tafsilotlar keltirilgan. Xususan, Bayden suhbatda Rossiyaning 2020 yilgi AQSh prezidentlik saylovlarida aralashgani mavzusini ko‘targan. Shuningdek, Kremlning suhbat haqidagi xabarida Aleksey Navalniyning zaharlanishi haqida so‘z bormagan. Oq uyda esa Bayden Putin bilan suhbatda bu mavzu AQSh uchun muhimligini aytganini ta'kidlashdi. Bayden suhbatda AQSh Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini ham aytgan.

«Umid qilamanki, yadro qurolini cheklash kelishuvi bo‘yicha mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari uchun harakat qila olamiz. Shu o‘rinda Navalniy ishida, Solar Winds'ga qilingan hakerlik hujumi va Afg‘onistondagi amerikalik askarlarning boshi uchun pul so‘ralgani haqida xabarlarda AQSh Rossiyaning harakatlaridan xavotirda ekanini bildirmoqchiman. Bu borada maxsus xizmatlarga ko‘rsatma berdim va har qanday yangilik paydo bo‘lganda, bu savollarni ruslar oldida ko‘tarishimni aytdim», degan Bayden suhbat davomida Oq uy versiyasiga ko‘ra.

Top