13:41 / 27.01.2021
12007
Surxondaryoda YPX xodimi boshqaruvidagi yuk mashinasi ag‘darilib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida somon ortilgan “Zil” ag‘darilib ketgani, uning boshqaruvida YPX xodimi bo‘lgani haqida xabar va videolavha tarqaldi.

IIV YHXBB axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, joriy yilning 26 yanvar kuni belgilangan taqsimot asosida Surxondaryo viloyati IIB YHXB YPX xodimi J.Normurodov Sho‘rchi tumani hududiga xizmatga jalb etilgan.

YPX xodimi soat 08:30larda tuman hududida joylashgan “Chavandoz” savdo majmuasi yaqinida, “Sho‘rchi-Denov” yo‘nalishida yuk tashish qoidalarini buzib harakatlanib kelgan “Gaz-53” rusumli yuk avtomobilini to‘xtatgan.

U sodir etilgan qoidabuzarlikni tushuntirib, hujjatlar taqdim etilishini so‘ragan vaqtida, haydovchi YPX xodimiga me'yoriy hujjatlarini taqdim etmagan.

YPX xodimi belgilangan tartibda ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirib, transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga boshqarib olib ketayotgan vaqtda, Sho‘rchi tumani, A.Temur va Mustaqillik ko‘chalari kesishgan chorrahada “Neksiya” rusumli avtomobil bilan to‘qnashmaslik uchun rulni o‘ng tomonga burib yuborganligi sababli yuk avtomobili ag‘darilgan. Ag‘darilish vaqtida "Neksiya" rusumli avtomobilning old qismiga shikast yetgan.

YTH natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Mazkur holat yuzasidan Sho‘rchi tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Top