12:27 / 28.01.2021
7596
«Paxtakor» Aziz Turg‘unboyev transferini e'lon qildi

Namanganning «Navbahor» klubi yarimhimoyachi Aziz Turg‘unboyev «Paxtakor» futbolchisiga aylandi, deya yozmoqda klub rasmiy sayti.

«Paxtakor» va «Navbahor» futbol klublari o‘rtasidagi kelishuvga binoan Aziz Turg‘unboyev jamoamiz safiga transfer qilindi. 27 yoshli futbolchi hozirgacha Superligada 110 o‘yinda ishtirok etib, 26 gol muallifiga aylangan. «Paxtakor» va Aziz Turg‘unboyev o‘rtasida ikki yillik shartnomaga imzo chekildi. Shu tariqa endi hujumkor yarimhimoyachi jamoamiz sharafini himoya qiladi.

«Paxtakor» futbol klubi Aziz Turg‘unboyevni jamoamizga o‘tishi bilan tabriklaydi. Umid qilamizki, u «Sherlar» safida yangi g‘alabalar va sovrinlarga ega chiqadi», - deyiladi klub xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Aziz Turg‘unboyev 2019 yilgi mavsumda ham «Navbahor»dan «Paxtakor»ga o‘tgan, ammo ushbu transfer ishlari O‘FA tomonidan surishtirilgach, «Navbahor» bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov va «Paxtakor» sport direktori Ja'far Irismetov transfer ishlaridagi qing‘irliklar uchun O‘FA tomonidan jazoga tortilgandi.

Top