18:51 / 29.01.2021
16593
Xorijda ishlayotgan o‘zbek migrantlarining soni qancha? Statistika e'lon qilindi

2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning chet eldagi mehnat migrantlari soni 1 million 678 ming 400 nafarni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil boshiga nisbatan 782,4 ming kishiga kamayganini ko‘rsatadi.

Foto: RIA Novosti

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mehnat migrantlari soni bo‘yicha ma'lumotlarni e'lon qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining jami 1 million 678 ming 400 nafar mehnat migrantlari xorijda faoliyat olib bormoqda. Bu holat o‘tgan yil boshiga nisbatan 782,4 ming kishiga kamayganini anglatadi.  

Migrantlardan 481,1 ming nafari (28,7 foiz) ayollarni, 993,7 ming nafari (59,2 foiz) yoshlarni tashkil etmoqda.

Ayni paytda o‘zbekistonliklardan Rossiyada 1 million 192 ming 800 kishi (71 foiz), Qozog‘istonda 209 ming 300 (12 foiz), Janubiy Koreyada 62 ming 300 (4 foiz), Turkiyada 43 ming 200 (3 foiz), BAAda 5 ming 200 kishi va boshqa davlatlarda 165,6 kishi ishlamoqda.

Ta'kidlanishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli 511 ming 600 kishi xorijdagi ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.

Mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning 49 foizi chet davlatlarda qurilish sohasida, 10,4 foizi savdo va xizmat ko‘rsatish, 11,1 foizi sanoat, 7,8 foizi agrar sohada va 20,9 foizi boshqa yo‘nalishlarda ishlab kelganligi aniqlangan.

Vatanga qaytgan jami 511,6 ming mehnat migrantlaridan 478,3 ming nafarida monitoring o‘tkazilgan. Ularning 337,9 ming nafarining (70,7 foiz) bandligi ta'minlangan.

Top