07:57 / 02.02.2021
14627
#FootWeek hamon Dubayda: Doston Hamdamov nega MLSga emas, BAAga yo‘l oldi?

Kun.uz Dubaydan reportajlar e'lon qilishda davom etadi. Bu gal ham #FootWeek ko‘rsatuvini amirliklarning mashhur shahrida suratga oldik. O‘tgan gal «Paxtakor»ning «Zenit»ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinidan reportaj tayyorlagan, Roman Gutsayt, Konstantin Genich va Nobel Arustamyan kabi «Match TV»ning mashhur sharhlovchilari bilan kichik intervyular uyushtirgandik. Shuningdek, ko‘rsatuv davomida Dubayda bo‘lib turgan milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov ham ba'zi mavzularda fikrini bildirgandi.

Bu gal ko‘rsatuvda asosiy urg‘u O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Doston Hamdamov bilan intervyuga berildi. Ma'lumot uchun, Doston suratga olish jarayonida hali «An Nasr»da to‘p tepayotgan va «Hatta» klubiga ijaraga berilmagandi.

Hamdamovning aytishicha, unda Xitoy, Janubiy Koreya va AQSh chempionatlarida o‘ynash imkoniyati bo‘lgan. Shuningdek, «Paxtakor» ham yangi shartnoma taklif qilgan, lekin Doston chet elda o‘ynash xohishi kuchlilik qilib, Dubayga yo‘l olgan. Koreya, Xitoy va AQShda ayni damda koronavirus sabab yaxshi holat hukm surmayapti. Dostonning aytishicha, aynan shu uchun – Dubayda hayot tarzi erkin bo‘lgani sabab «An Nasr»ga o‘tishni istagan. «Pulni birinchi o‘ringa qo‘ymadim», deydi Hamdamov.

Doston Hamdamov «An Nasr» klubi safida

«Abramov nimaga intilayotganimizni tushuntirib bera oladi...»

O‘zbekiston milliy jamoasining asosiy kreativ vakillaridan biri bo‘lgan Dostondan milliy jamoa va JCh-2022 saralash o‘yinlari haqida so‘ramasak, bo‘lmasdi. Hamdamov oxirgi o‘yinlardagi xursand qilishi qiyin bo‘lgan natijalarga qaramay, O‘zbekiston JCh-2022 yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga ishonmoqda. Undan bu ishni Vadim Abramov bilan birga amalga oshirish mumkinmi, deb so‘radik. Doston Abramov bu borada yetarlicha kuchli murabbiy ekanini shunday tushuntirdi: «Vadim Abramov biz qanday maqsad tomon intilayotganimizni, bu uchun nima kerak ekanini juda yaxshi tushuntirib bera oladi», dedi milliy jamoa futbolchisi.

Doston Hamdamov «Hatta» klubi safida

«Paxtakor»ning maqsadlari o‘zgardimi?

Doston Hamdamov «Paxtakor» Shota Arveladze, uning ortidan Masharipov, Sergeyev kabi futbolchilar ketganiga qaramay, oldiga qo‘yilgan vazifalarni o‘zgartirmasligini aytdi. Hamdamovning fikricha, «Paxtakor» hamon o‘zi qatnashayotgan barcha musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashadigan holatda. Futbolchi klubda moliyaviy muammolar ham yo‘qligini aytdi.

Shuningdek, Hamdamov Shota Arveladzedan keyin «Paxtakor»ni qabul qilib olgan uning yordamchisi Piter Xyuistra haqida iliq fikrlar bildirdi. Hamdamov uning futbolchilar bilan yaxshi chiqishib ketishini, o‘yin uslubi esa xuddi Shota Arveladzenikiday ekanini aytdi.

Darvoqe, «Paxtakor»ning yangi bosh murabbiyi Piter Xyuistra ko‘rsatuvni suratga olish jarayonida bizga kichik intervyu berishga rozi bo‘ldi. Uning aytishicha, Dubayda mashg‘ulot o‘tkazish va mavsum oldidan kerakli yuklamalarni olish uchun yetarli sharoit bor. Murabbiy mashg‘ulotlardan zavqlanayotganini aytdi. Esingizda bo‘lsa, Xyuistra «Zenit»ga qarshi o‘yindan keyin ham futbolchilari yaxshigina yuklama olganiga urg‘u bergandi. Demak, bu murabbiy mavsumga tayyorlanishda futbolchilar jismoniy jihatdan yaxshi formada bo‘lishiga alohida urg‘u beradi. Shu sabab Arveladze ketgach xafa bo‘lgan «Paxtakor» muxlislari yangi murabbiy borasida unchalik xavotir olishmasa ham bo‘ladi chog‘i.

Tedeskoning eksklyuziv media huquqi

«Spartak» va «Paxtakor» o‘rtasidagi o‘yindan avval moskvaliklar bosh murabbiyi Dominiko Tedesko bilan ham suhbatlashishga urindik, lekin germaniyalik murabbiy intervyu bera olmasligini, uning eksklyuziv media huquqi «Spartak» klubiga tegishli ekanini aytdi. Shunday qilib mavsum yakunida «Spartak»dan ketishi kutilayotgan germaniyalik murabbiy bilan suhbat uyushtira olmadik.

Ana shunaqa gaplar... Ko‘rsatuvni to‘liq Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qiling. #FootWeek siz uchun Dubaydan reportajlar tayyorlashda davom etadi.

Bobur Akmalov, Muhammadjon G‘aniyev, Nuriddin Nursaidov,
Kun.uz uchun maxsus, Dubaydan.

Top