20:05 / 05.02.2021
5318
O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari Almatida uchrashdi

Ikki davlat chegarasini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishni yakunlash zarurligi ta'kidlandi. O‘zbekiston tomoni Qirg‘izistonning yangi prezidenti Sadir Japarovni Toshkentga taklif etdi.

Foto: gov.kg

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo va kuzatuvchi mamlakatlar hukumat rahbarlarining Almati shahridagi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari Abdulla Aripov va Ulug‘bek Maripov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iziston hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hukumat rahbarlari savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar, suv-energetika va transport sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning ko‘plab masalalarini muhokama qildi.

«Qirg‘iziston o‘zaro ishonchga asoslangan chinakam qardoshlik munosabatlarini qadrlaydi. Biz O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni yanada faol rivojlantirishga tayyormiz», – dedi Ulug‘bek Maripov.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamkasbini Qirg‘iziston bosh vaziri etib tayinlangani bilan tabrikladi va qirg‘iz–o‘zbek munosabatlari eng yuqori darajadagi ishonch asosida qurilganini e'tirof etdi.

«Ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston prezidenti boshchiligidagi O‘zbekiston tomoni ikki mamlakat va xalqlarning manfaatlariga javob beradigan barcha loyihalarda har tomonlama yordam berishga tayyor», dedi Abdulla Aripov.

Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladilar va qirg‘iz–o‘zbek davlat chegarasining qolgan uchastkalarini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishni yakunlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligini ta'kidladilar.

Shuningdek, o‘zbek tomoni Qirg‘izistonga zarur miqdorda mineral o‘g‘itlar etkazib berishni tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Abdulla Aripov Qirg‘iziston prezidentiga O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun taklifnomani yetkazgan.

Eslatib o‘tamiz, Aripov 3 fevral kuni Ulug‘bek Maripovga Qirg‘iziston bosh vaziri etib tayinlangani munosabati bilan tabrik maktubi yo‘llagani xabar qilingandi.

Top