12:59 / 10.02.2021
919
Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, quyidagilar dastlabki identifikatsiyani bevosita amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari hisoblanadi:

  • Ichki ishlar vazirligi;
  • Bosh prokuratura;
  • Davlat xavfsizlik xizmati;
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar;
  • Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Dastlabki identifikatsiya suhbat shaklida amalga oshiriladi va uni o‘tkazish uchun shaxsdan rozilik olish talab etiladi.

Odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarning quyidagi huquqlardan foydalanishi ta'minlanadi:

  • tibbiy yordam olish;
  • psixologik yordam olish;
  • huquqiy maslahat olish;
  • vaqtincha yashash joyidan (boshpanadan) foydalanish;
  • yaqin qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatish;
  • tarjimon xizmatlaridan tekin foydalanish.

Yakuniy identifikatsiya Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiya tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi, deyiladi xabarda. 

Top