10:21 / 11.02.2021
1941
Namanganda alimentdan qarzdorligi bo‘lgan 20 mingga yaqin shaxsning chetga chiqishi cheklandi

Namanganda aliment to‘lovidan qarzdorligi bo‘lgan 19 760 nafar shaxsning mamlakat hududidan chetga chiqishi vaqtincha cheklandi. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi mutasaddilari tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani davomida ma'lum qilindi.  

Bugungi kunda viloyatda aliment undirish bilan bog‘liq jami 33 756ta ijro hujjatidan 8 417tasi tamomlangan. Qolayotgan 25 mingdan ortiq ijro hujjati bo‘yicha mahalla vakillari bilan hamkorlik o‘rnatilib, aliment to‘lovlarini undirish va oilalarni yarashtirish choralari ko‘rib borilmoqda.

- 2020 yil davomida 617 nafar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxsga nisbatan sud qarorlari bilan ma'muriy qamoq tarzidagi jazo chorasi qo‘llangan. Bu choradan keyin ham 2 oydan ortiq muddat mobaynida aliment to‘lamagani uchun 10 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, — dedi MIB viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Husanboy Tursunov.  

Qayd etilishicha, o‘tgan yil yakuni bilan boshqarma tomonidan jami 94 milliard so‘m davlat foydasiga undirilgan. Davlat rahbarining 2020 yil 24 noyabrdagi tegishli farmoniga muvofiq, ijro hujjati bo‘yicha undirilgan mablag‘larning 50 foizi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi belgilangan. 

Shundan kelib chiqib, 2020 yil dekabr oyi davomida davlat foydasiga undirilgan 10 milliard 377 million so‘m mablag‘dan teng yarmi - 5 milliard 188 million so‘mi ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilishi ta'minlangan, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Top