21:57 / 11.02.2021
11561
Prezident xususiylashtirishni tezlashtirish bo‘yicha farmon chiqardi

Qator davlat aktivlarining boshlang‘ich narxini e'lon qilmagan holda sotish to‘g‘risida e'lonlar berish va aktivni 2 tadan kam bo‘lmagan takliflar orasida eng yaxshisiga sotish mumkin bo‘ldi. Baholash tashkiloti belgilagan narxni boshlang‘ich narx sifatida majburiy belgilash haqidagi talab ayrim aktivlar uchun bekor qilindi.

Prezident «Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida» farmon imzoladi.

Farmonga asosan, belgilangan davlat aktivlarini (ro‘yxati hozircha ma'lum emas) ommaviy savdolarga qo‘yishda va ularni sotish jarayonlarini tashkil etishda:

  • professional tashkilotlarni jalb etish Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki «UzAssets» investitsiya kompaniyasi tomonidan eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida amalga oshiriladi. Bunda, ular bilan tuziladigan shartnomalarni ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi;
  • professional tashkilotlar tomonidan davlat aktivlarini sotish maqsadida aniqlangan qiymat yoki qiymatlar oralig‘i (baholash faoliyatining milliy standarti talablaridan qat'i nazar) savdo jarayonida mo‘ljal sifatida hisobga olinishiga ruxsat beriladi;
  • baholash tashkilotining baholash to‘g‘risidagi hisobotida tavsiya etilgan va uning ekspertiza xulosasida aniqlangan narxni davlat aktivining boshlang‘ich narxi sifatida majburiy belgilash to‘g‘risidagi talab amal qilmaydi;
  • davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha Davlat komissiyasiga davlat aktivlarining boshlang‘ich narxini e'lon qilmagan holda sotish to‘g‘risida e'lonlar berish hamda 2 tadan kam bo‘lmagan takliflar orasida eng yaxshisi asosida sotish bo‘yicha qarorlar qabul qilish vakolati beriladi (baholash to‘g‘risidagi hisobotda tavsiya etilgan va ekspertiza xulosasida aniqlangan narxdan qat'i nazar).

Aynan qaysi davlat aktivlarini sotishda yuqoridagi qoidalar amal qilishi hozircha ma'lum emas: aktivlar ro‘yxati farmonning 1- va 2-ilovalarida keltirilgan. Ilovalar hali e'lon qilinmadi.

Farmonga binoan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 1 avgustga qadar davlat mulkini xususiylashtirishda baholovchi tashkilotlarni tanlash, ularning xizmatlari qiymatini aniqlash va to‘lashning eng yaxshi tijorat takliflarini tanlab olish tartibini joriy etadi.

Top