09:25 / 12.02.2021
989
«Biologik xavfsizlik to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi 

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Biologik xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Foto: Shutterstock

Qonun loyihasi sog‘liqni saqlash, aholining sanitariya-epidemiologik salomatligi, hayvon va o‘simliklarni himoya qilish, atrof-muhitni qo‘riqlash kabi masalalarni qamrab olgan. 

Hujjat quyidagilarni ko‘zda tutgani uchun boshqa sohalarga ham tegishli qonunchilik masalalarini tartibga soladi. Masalan:

  • asosiy biologik xavf turlarini aniqlash, aholi va atrof-muhitni xavfli biologik omillar ta'siridan, shu jumladan, sintetik biologik agentlar ta'siridan himoya qilishning kompleks choralarini tashkil etish;
  • patogen mikroorganizm va viruslardan foydalanish bilan bog‘liq kolleksiya tuzish faoliyatini belgilab berish, uning ishini tashkil etishga qo‘yiladigan talablarni aniqlash;
  • biologik xavfsizlikni ta'minlash tadbirlari samarali amalga oshirilayotganiga baho berish uchun biologik xavf turlarini kuzatib borish tartibini belgilab qo‘yish;
  • biologik xavf turlarini boshqarish maqsadida tuziladigan biologik xavfsizlikni ta'minlash borasida davlat axborot tizimini tashkil etish;
  • mikroorganizmlarning mikrobga qarshi vositalarga chidamliligini yengish uchun o‘tkaziladigan tadbirlarni belgilash.

Bundan tashqari, qonun loyihasida biologik xavfsizlikni ta'minlash borasida davlat hokimiyati organlari va mahalliy boshqaruv organlarining vakolatlari, fuqarolarning huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilgan.

Qonun loyihasida biologik xavfsizlikni ta'minlash borasida alohida davlat nazorati tashkil etilishi ko‘zda tutilmagan, ijro hokimiyatining vakolatli organlari  va ijro hokimiyati organlari O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq belgilangan vakolatlar doirasida biologik xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan ma'lum bir funksiyalarini bajaradi.

Top