19:20 / 15.02.2021
16361

Bosh prokuror budjet mablag‘lari o‘g‘irlanishining oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni tanqid qildi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev Bosh prokuratura hay'atidagi chiqishida budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish borasidagi ishlarni tanqid qilib, bu boradagi faoliyatni kuchaytirish bo‘yicha barcha prokurorlar va Departament organlari rahbarlariga talab qo‘ydi.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan majlisni O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib borgan. Unda Bosh prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirok etgan.

«Hay'atda budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish borasidagi ishlar keskin tanqid qilinib, bu boradagi faoliyatni kuchaytirish bo‘yicha barcha prokurorlar hamda Departament organlari rahbarlariga qat'iy talablar qo‘yildi.

Tadbirkorlik sub'yektlari himoyasini amalda ta'minlash borasida ko‘rilgan choralarni e'tirof etish bilan birga, tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashish va tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq holatlarni fosh etish va tegishli choralar ko‘rishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan prokurorlar ogohlantirilib, ularga aniq topshiriqlar berildi», – deyiladi Bosh prokuraturaning rasmiy relizida.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Prokuratura tergovchilarining bilimi va malakasi oshirish, hududlarda jinoyat, fuqarolik, ma'muriy va iqtisodiy ishlar ko‘rilishida prokuror vakolatini samarali ta'minlash bo‘yicha ham mas'ullarga topshiriqlar berilgan.

Shuningdek, prokuratura organlarida ish yuritish va hujjatlar ijrosini nazorat qilish o‘tgan yildan to‘liq elektron shaklga o‘tkazilgani qayd etilib, faoliyatga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish ishlarini tizimli ravishda olib borish lozimligi belgilangan.

Kengaytirilgan hay'at majlisida kadrlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, xodimlar o‘rtasida korrupsiya va boshqa nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olish borasida mavjud kamchiliklar, amalga oshirilishi talab etiladigan vazifalar, o‘tgan yilda yo‘l qo‘yilgan ayrim nuqsonlar yuzasidan mas'ullarning izohlari tinglangan hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berilgan.

Top