20:02 / 19.02.2021
11187
Prezident Namangandagi mehribonlik uyi va «Saxovat» uyida bo‘ldi
Foto: Kun.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi 26-Mehribonlik uyida bo‘ldi. Sharoitlarni ko‘zdan kechirib, bu yerda tarbiyalanayotgan bolalar bilan suhbatlashdi.

«Sizlar hammalaring mening farzandlarimsizlar. Hayot juda murakkab. Shuni bilinglarki, bugun og‘ir kunlar bo‘lsayam, Alloh taoloning yorug‘ kunlari bor. Sizlarning qiynalganlaring, oilani eslashlaring, orzu-umidlaring ortida Xudoning marhamati, ertangi quvonch bor. Bu dunyoda kim baxtli bo‘lishini kelajak ko‘rsatadi. Sizlarning baxtli bo‘lishingiz uchun hayotlaringizga doimiy asos yaratishni o‘ylayapmiz. Bir martalik emas, qonun jihatidan. Bu yerni tamomlagandan keyin uy bilan ta'minlanib, farovon yashashingizni qonun bilan himoyaga olamiz. Tinchlik-osoyishtalikda sizlarning baxtingizni ko‘rish nasib etsin», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident «Saxovat» uyini ham borib ko‘rdi. Uning binosi 1982 yilda qurilgan.

«Menga O‘zbekistonning har bir fuqarosi birdek qadrli. Bugun juda og‘ir kun bo‘ldi, ko‘p masalalarni muhokama qildik. Samolyotga o‘tirib, qaytish oldidan ko‘nglimdan sizlar o‘tdingiz. Shu muammoni hal qilmasdan ketamanmi, deb o‘yladim. Menga «Saxovat» uylariga ehtiyoji bo‘lgan nuroniylardan juda ko‘p xatlar keladi. Shularni inobatga olib, ijtimoiy himoyani kuchaytiramiz. 4 oy ichida Namangan shahrida «Saxovat» uyi uchun yangi bino qurib beriladi. Sizlar munosib sharoitlarda yashaysiz, davolanasiz. Sizlarga sog‘liq va uzoq umr tilayman», dedi davlat rahbari.

Nuroniylar yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qildi.

Shuning bilan Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Top