12:46 / 24.02.2021
2206
Filippin vaksina evaziga Yevropaga minglab tibbiy xodimlarini jo‘natmoqchi
Foto: Reuters

Filippin hukumati hozirda taqchil vositaga aylangan koronavirusga qarshi vaksina evaziga Yevropaga minglab xodimlarini ishga jo‘natmoqchi. Filippinga 70 mln katta yoshli aholi uchun vaksina zarur, buning uchun hukumat 148 mln doza vaksinani zaxiralab qo‘ymoqchi.

Filippin Britaniya va Germaniyaga koronavirusga qarshi vaksina evaziga bir necha ming tibbiy xodimini, jumladan birinchi navbatda hamshiralarni ishga jo‘natmoqchi.  Bu haqda Filippin mehnat vazirligi vakiliga tayanib Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Xozirda Filippinda yiliga ko‘pi bilan 5000 kishiga xorijga chiqib tibbiy xodim sifatida ishlashga ruxsat berilgan. Vazirlikda takidlanishicha, hukumat vaksinalarning bepul yetkazilishi evaziga bu cheklovni olib tashlashga tayyor.

Shuningdek joriy haftada Filippinga Xitoydan bepul vaksinaning ilk partiyalari kelishi kutilmoqda. 

Biroq Filippin hukumatining Yevropaga o‘z tibbiy xodimlarini jo‘natish taklifi mamlakat tibbiy xodimlari orasida xushlanmayapti.

“Hukumat hamshiralar va sog‘liqni saqlash xodimlariga qandaydir xomashyo yoki eksport mahsulot sifatida qarayotgani jirkanch xolatdir”, deb aytgan Filipino Nurses United tashkiloti rahbari Joselino Andamo.

Biroq Germaniya va Britaniya hukumati hozircha Filippinning bu taklifiga hech qanday munosabat bildirmagan.

Top