19:28 / 01.03.2021
2890
«Mahalliy hokimiyat bilan nizolarda fermer xo‘jaliklarining sudlarga ishonchi past» - Leybnits instituti olimi qishloq xo‘jaligi istiqbollari haqida

27 fevral kuni O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti xamkorligida doktorantlar va yosh olimlar uchun “COVID-19’dan keyin: Barqaror qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi” mavzusida onlayn shaklda vebinar tashkil etildi.

Assotsiatsiya vakilining Kun.uz muxbiriga bergan ma'lumotiga ko‘ra, vebinarda Germaniyadagi tadqiqot institutlarida ishlayotgan o‘zbekistonlik olimlar “COVID-19 davridan keyingi organik qishloq xo‘jaligi”, “Oziq-ovqat xavfsizligiga erishishda suv tejamkor sug‘orish texnologiyalari” kabi mavzularda ilmiy-ommabop ma'ruzalari bilan qatnashgan.

Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotida eng muhim soha bo‘lib qolmoqda va yalpi ichki mahsulotning 28,2 foizini tashkil etadi.

«Kuzatilayotgan o‘zgarib turuvchi tabiiy iqlim, aniq bir me'yorga ega bo‘lmagan yog‘inlar, sovuq qish va yozning quruq issig‘i ekinlar hosildorligining bir maromda oshishiga salbiy ta'sir etmoqda.

Shuning uchun ham hozirgi kunda respublikamizda dehqonchilikni yanada rivojlantirishda resurs tejovchi texnologiyalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning yangi usullarini yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish zaruriyati mavjud.

Ushbu vebinar qishloq xo‘jaligining dolzarb masalalari va muammolarini ilmiy tomondan hal etishda yosh olimlar va vebinar ishtirokchilari uchun ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishda foydali bo‘ladi», deyiladi assotsiatsiya ma'lumotida.

«Oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishning vaqtincha uzilishi kam daromadli oilalarga kuchli salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda»

Nodir Jonibekov

O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Leybnits instituti (IAMO) professori Nodir Jonibekov pandemiyadan keyingi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari haqidagi ma'ruzasida pandemiya sharoitida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishdagi to‘siqlar, O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklari rivojlanishidagi muammolar haqida o‘z izlanishlari bilan o‘rtoqlashdi.

«COVID-19 barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDG) erishishga katta ta'sir ko‘rsatyapti. Rivojlanayotgan davlatlarda COVID-19’ning qishloq xo‘jaligiga ta'siriga doir misollardan biri bu oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish kanallarining vaqtincha uzilishidir. Bu, asosan, eng kam daromadli oilalar uchun kuchli salbiy ta'sir ko‘rsatib kelmoqda.

COVID-19’ning tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar fermerlar va dehqonlar mahsulotlarini mahalliy bozorlarga, do‘konlarga yoki yaqin shaharlarga yetkazib berishida qiyinchiliklarga olib keldi.

HoReCa sohasi cheklovlari tufayli yuqori qiymatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tarmoqlarining rivojlanishi sekinlashdi. Harakatlanish cheklovlari fermerlar uchun ishchi kuchiga talab eng yuqori bo‘lgan oylarda mavsumiy ishchilarning yetishmasligiga olib keldi.

Boshqa tomondan, qishloq xo‘jaligi ishchilari uchun oziq-ovqat sotib olish qobiliyatiga ta'sir ko‘rsatadigan daromadlar yo‘qolishiga ham olib keldi», degan Leybnits instituti professori Nodir Jonibekov.

«Fermerlarning institutsional me'yorlarga ishonishi va qaror qabul qilishda erkinligi past»

Olim, shuningdek, Samarqand viloyatidagi fermerlardan olingan so‘rovlar asosida fermerlar borasida o‘z xulosalarini bergan.

«Fermerlarning ijtimoiy me'yorlari tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘rovnomada ishtirok etgan 460 nafar fermerning 90 foizi ijtimoiy tadbirlarda qatnashishni fermerlik faoliyati uchun muhim deb javob berishgan.

Shuningdek, ular boshqa fermerlarga qaraganda mahalliy hokimiyatning fikriga ko‘proq e'tibor berishini bildirishgan.

Institutsional omillar tahliliga qaraydigan bo‘lsak, so‘rovnomada qatnashgan fermerlarning 92 foizi o‘z farzandlaridan biri fermer xo‘jaligini yuritishni davom ettirishini xohlashini bildirgan va ijara hujjatlarini fermerning yerga egalik huquqini himoya qilishda muhim deb ko‘rsatgan.

Shunday bo‘lsa-da, tahlillar fermerlarning institutsional me'yorlarga ishonishi va qaror qabul qilishda erkinligi pastligini ko‘rsatdi.

Sudlarning boshqa fermerlar bilan nizolarni hal etishda ishonchliligini aksariyat fermerlar bildirib o‘tgan bo‘lsa-da, mahalliy hokimiyat bilan nizolarni hal etishda sudlarga ishonish darajasini past baholashgan.

Bundan tashqari, ko‘p fermerlar o‘z javoblarida ekadigan ekin turini va sotish kanallarini tanlashda qaror qabul qilish erkinligini past deb baholashgan. Ushbu holatlar fermerlarning barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini va resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash darajasiga ta'sir qilishi mumkin», degan o‘zbekistonlik olim Nodir Jonibekov.

Olim yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlarni e'tiborga olgan holda, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish istiqbollari sifatida bir necha takliflarni ilgari surgan:

  • uzoq muddatli fermerlik faoliyatiga kafolat berish va ijaraga olingan yerlarning hujjatlari ishonchliligini oshirish;
  • fermerlarning qaror qabul qilish erkinligini kuchaytirish, ayniqsa ekadigan ekin turini va sotish kanallarini tanlashda;
  • fermerlarda sudlarga va mahalliy hokimiyatga ishonchni oshirish va jamoatchilik oldida ilg‘or fermerlarning obro‘si va mavqeini oshirish.
Top