23:35 / 03.03.2021
3604
Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni IHT sammitida nutq so‘zlaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining videoanjuman shaklida o‘tadigan 14-sammitida qatnashadi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlarining Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an raisligida o‘tadigan uchrashuvi kun tartibidan COVID-19’dan keyingi davrda mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mintaqaviy sheriklikni kengaytirish istiqbollari borasidagi fikr-mulohazalarini bayon etishi, shuningdek, pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish, savdo aloqalarini tiklash, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport va logistika, oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, «yashil» iqtisodiyot va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 1985 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda 10 ta davlat IHTga a'zo. Bular – O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarboyjon va Afg‘oniston.

Tashkilotning asosiy maqsadi – savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport, kommunikatsiyalar, energetika, qishloq xo‘jaligi va sanoat kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish.

Top