09:21 / 04.03.2021
1307
2021 yilda 457 127ta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda
Foto: Pixabay

Prezidentning “2021 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Aholi bandligi va daromadlarini oshirishga har tomonlama ko‘maklashish, ishsizlar, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini rag‘batlantirish qaror loyihasining maqsadi hisoblanadi.

2021 yilda 457 127ta doimiy yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari, 2021 yilda mehnat organlari tomonidan 489 064 nafar aholi bandligini ta'minlash va ish beruvchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlarning prognoz ko‘rsatkichlari, dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida 0,1 gektardan 1 gektargacha yer ajratish orqali aholini daromadlarini oshirish va bandligini ta'minlash prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanishi belgilanmoqda.

2021 yil 1 iyulga qadar aholi bandligini ta'minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha hisobotlarni yuritish, ularni real vaqt rejimida Davlat soliq qo‘mitasining yagona integratsiyalashgan axborot resurs bazasi bilan monitoring qilishga mo‘ljallangan elektron dastur ishlab chiqiladi.

Qaror loyihasi doirasida jami 322,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 257,7 mlrd so‘m va Jahon bankining grant mablag‘lari hisobidan 65,2 mlrd so‘m ajratiladi.

Top