20:35 / 10.03.2021
83746
«Mingga yaqin mashina tayyor». O‘zbekistonda yig‘ilayotgan KIA avtomobillari sotuvga chiqish arafasida

O‘zbekistonda yig‘ilayotgan KIA Seltos krossoveri va K5 sedani uchun to‘lov qilgan ilk mijozlarga avtomobillari 31 martgacha yetkazilishi kutilmoqda. Ayni paytda mingga yaqin avtomashina tayyor bo‘lgani ma'lum qilindi.

KIA K5 / Foto: Kun.uz

2020 yil noyabrdan boshlab «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida uchta komplektatsiyadagi Seltos krossoveri va beshta komplektatsiyadagi K5 sedanini yig‘ish boshlanishi xabar qilingandi.

O‘zbekistondagi KIA Motors avtosaloni savdo bo‘limi xodimi Rahmatilla Nazarovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ayni paytda mingtaga yaqin avtomobil tayyor holatda.

«KIA avtomobilining Seltos krossoveri va beshta komplektatsiyadagi K5 sedan markalarini O‘zbekistonda yig‘ish boshlangan. Hozirda mingga yaqin mashina tayyor. Ularga xaridorlar to‘lov qilishgan. Avtomobillar yaqin kunlarda savdoga chiqariladi.

Olib kelinishi rejalashtirilgan boshqa yangi modellar haqida hozircha ma'lumotlar yo‘q. Mashinalarga 5 yil kafolat beriladi», – dedi korxona xodimi.

KIA Seltos

Ma'lum qilinishicha, 31 martga qadar mashinalar mijozlarga yetkaziladi. Ayni paytda avtoulovlar Jizzaxdagi zavodda, Toshkent shahriga jo‘natishga tayyor turibdi.

Kompaniya vakili mijozlarga birinchi galda 2021 yilning 25 yanvarigacha yetkazib berish sharti bilan tuzilgan shartnomalar doirasida avtomobillar yetkazib berilishini qayd etdi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida kompaniya vakillari xaridorlar birinchi avtomobillarini 2020 yil dekabrida olishlari mumkinligini bildirishgandi. Ammo bu jarayon hamon amalga oshmadi. Roodell kompaniyasi bosh direktori Doniyor Davletiyarovning aytishicha, bu kechikishning sabablari yaqin kunlarda ma'lum qilinadi.

«Hozir aniq javob bera olmaymiz. Bir haftadan keyin «rezultat» bilan javob bermoqchimiz», – dedi Davletiyarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Eslatib o‘tamiz, K5 sedanining narxi 249,9 million so‘mdan 369,9 million so‘mgacha, Seltos krossoveri 229,9 million so‘mdan 279,9 million so‘mgacha bo‘lishi xabar qilingan.

Shuningdek, 2021 yil oxiriga qadar yana 6 ta yangi model O‘zbekistonga olib kelinishi aytilgan.

  • Ma'lumot uchun, KIA Motors – Janubiy Koreyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri. Bugungi kunda u 8 mamlakatda 14 ta ishlab chiqarish va yig‘ish operatsiyalarida yiliga 1,4 milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqaradi.
  • KIA avtomobillari 172 ta mamlakatni qamrab olgan 3000 dan ortiq distribyutor va dilerlar tarmog‘i orqali sotiladi va xizmat ko‘rsatiladi. Korporatsiya 40 mingdan ortiq xodimga ega va yillik daromadi 17 milliard AQSh dollaridan oshadi.
Top