13:11 / 11.03.2021
10251
O‘zbekistonda baliq mahsulotlarining sifati pasayganiga nima sabab bo‘lgani aytildi

Vazirlar Mahkamasining “Baliq va baliq mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda baliq mahsulotlarining sifati va xavfsizligi darajasi bir qator sabablarga ko‘ra sezilarli darajada pasaygan.

Ular:

  • eskirgan texnologik uskunalardan foydalanish;
  • oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda ishlatiladigan xomashyo va yordamchi materiallarning zaharli moddalar bilan (poliklorobifenil, alifatik va poliaromatik uglevodorodlar, og‘ir metallar va boshqalar) ifloslanishi;
  • oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonida ishlatiladigan ichimlik suvi sifati pasayishi;
  • baliqni qayta ishlash korxonalarining sanitariya-gigiyenik holati;
  • baliq mahsulotlarini tashish va saqlash sharoitlari sanitariya me'yorlariga javob bermasligi;
  • xavfsizlik standartlariga, shu jumladan organoleptik ko‘rsatkichlarga - hid, rang va ta'mga rioya qilmaslik;
  • ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish choralarining yetishmasligi va boshqalar.

Ta'kidlanishicha, loyihani ishlab chiqishda O‘zbekistonda amaldagi 8ta xalqaro standart, 163ta davlatlararo standart va 11ta tashkilot standarti tahlil qilindi.

Maxsus texnik reglament loyihasi “Sodex alimentarius” standarti va Bojxona ittifoqining “Baliq va baliq mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglamenti asosida ekspert kengash tomonidan ishlab chiqildi.

Texnik reglament loyihasiga quyidagi talablar kiritilmoqda:

  • baliq mahsulotlari tarkibidagi toksik element me'yorlari sifatiga talablar;
  • baliq mahsulotlari ishlab chiqarish, saqlash, tashish, sotish, tasarruf etish, shuningdek baliq mahsulotlari erkin harakatini ta'minlash uchun tamg‘alash va qadoqlashga oid talablar;
  • yosh bolalar, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar ovqatlanishi uchun baliq mahsulotlarining ozuqaviy qiymati va xavfsizlik ko‘rsatkichlariga talablar.

Kutilayotgan natijalar:

  • baliq mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun qulay shart–sharoit yaratish;
  • chetdan kirib kelayotgan xavfli bo‘lgan mahsulotlardan ichki bozorni himoyalash;
  • xalqaro me'yorlarni milliy me'yorlarga uyg‘unlashtirgan holda eksport salohiyatini oshirish;
  • baliq mahsulotlari xavfsizligi xususida iste'molchilarni chalg‘ituvchi harakatlar oldini olish.
Top