20:15 / 14.03.2021
38990
Rivojlanishi qishloq xo‘jaligidan boshlangan Xitoy: uning tajribasi biz uchun nega muhim?

Xitoy Xalq Respublikasining hayratlanarli iqtisodiy o‘sishi aynan qishloq xo‘jaligidan boshlangan. Xitoyning bu boradagi tajribasidan biz ham rivojlanish uchun andoza olsak bo‘ladi.

Bir paytlar urushdan horib-charchab, bo‘linib-sochilib yotgan Xitoy 1949 yilda hokimiyatga kelgan Mao Tszedun tomonidan birlashtirildi, yerlar boy zamindorlardan tortib olinib, 300 million dehqonga bo‘lib berildi, sanoatlashish darajasi biroz o‘sdi, xalqning turmush tarzida ijobiy tomonga siljish bo‘ldi.

Biroq, 1952 yildan boshlab xalqning ustidan birin-ketin o‘tkazilgan kommunistik iqtisodiy tajribalar iqtisodiy inqirozga va oxir-oqibat ommaviy ocharchilikka olib keldi. Chunki bu tajribalar xalqning joniga asrlar davomida oro kirib kelgan bozor munosabatlari elementlariga qirg‘in keltirgan edi. Xususiy mulkchilikka qarshi kurashish qizig‘ida oilalardan hatto kichkina tomorqalar va oddiy hunarmandchilik dastgohlari tortib olindi, xususiy tartibda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab-chiqarish man etildi.

Turli ma'lumotlarga ko‘ra, bu davrda 20 milliondan 43 milliongacha inson ochlikdan nobud bo‘lgan.

1979 yilda (Mao Tszedunning o‘limidan so‘ng) «Islohot va ochiqlik siyosati» e'lon qilindi.

Xitoyni qiyin ahvoldan chiqarib olgan (va keyingi olamshumul rivojini ta'minlagan) bu siyosatning e'lon qilinishiga nima sabab bo‘ldi?

1978 yilning dekabr oyi. Xitoyning Anxuey viloyatidagi Syaogang nomli qishloq. Qishloqda 21ta oila yashaydi. Boshqa qishloqlar kabi bu yerda ham ocharchilik hukm surmoqda. Shunda qishloq faollari tajriba o‘tkazishadi: jamoa bo‘lib ishlatilayotgan umumiy yerlarni o‘sha 21 oilaga bo‘lib berishga qaror qilishadi – har oila o‘ziga biriktirilgan yerida dehqonchilik qilishi uchun. Kichkina qishloqda o‘tkazilgan mazkur kichkina islohot yaxshi natija berdi. «Demak, yerni oilalarga bo‘lib berish yaxshi ekan», degan xulosaga kelindi.

Bu ijobiy natija xabari Pekinga – Xitoy kommunistik partiyasi rahbarlariga yetib bordi. 1979 yilda kompartiya rahbarlari o‘rtasida turli fikr va qarashlar to‘qnashadi va natijada hamma narsani jamoalashtirish, davlatlashtirish siyosatidan chekinib, qishloqlarda oilaviy dehqon va hunarmandchilik xo‘jaliklarini tiklash, shaxsiy manfaatdorlik omilini kuchaytirish tarafdorlari ustun keladi – islohot o‘tkazishga qaror qilinadi. Chunki ko‘chada ocharchilik hukm surayotgan edi.

Kichkinagina Syaogang qishlog‘i tajribasi dastlab Xitoyning bir viloyatida sinab ko‘rilib, yaxshi natijaga guvoh bo‘lingandan keyin uni butun Xitoy miqyosida qo‘llashga kirishiladi. Ortiqcha shovqin ko‘tarmasdan 180 million oilaga avvalida 1-3 yilga, keyin 50 yil va undan uzoq muddatga ijaraga yer ajratib beriladi. Bunaqa islohotga qarshi bo‘lgan mahalliy rahbarlar esa ishdan olindi. Chunki 180 million oila iqtisodiy faol qatlamga aylanayotgan edi. Aynan shu omil barchasidan yuqori qo‘yildi. Xalqqa bu islohot ma'qul keldi, chunki u voqelikka mos edi.

Saldan keyin «dehqon xo‘jaliklari mas'uliyati siyosati» deb nom olgan tadbirlar amalga oshirildi. Bu tadbirlar doirasida dehqonlar o‘zi yetishtirgan mahsulotning bir qismini erkin narxda sotishi mumkin qilindi. Qishloqlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorlari vujudga keldi. Biroq bu boshlanishi edi.

1981 yilga kelib, 98 foiz ekin yerlari dehqon oilalari tasarrufida edi. Xitoy Konstitutsiyasida fuqarolarning xususiy mulkchilik huquqlari biriktirildi, bu ham qishloqlarda xususiy tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘ldi.

Dehqonlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, o‘z ixtiyorlari bilan (yuqoridan buyruq bo‘lgani uchun emas), kichik kooperativlarga, keyin esa assotsiatsiyalarga va katta kooperativlarga birlasha boshlashdi. 1985 yilda Xitoy o‘zining ko‘p sonli aholisini to‘yg‘azib, don eksport qila boshladi. Xitoy rahbari Den Syaopin «Birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi» degan siyosatni e'lon qildi.

Xitoy qishloq xo‘jaligini isloh etishda erishilgan yaxshi natija keyinchalik hukumatni boshqa sohalarni ham shu yo‘sinda isloh qilishga undadi.

Aynan qishloq xo‘jaligida manfaatdorlikni oshirish, ma'muriy boshqaruvni kamaytirish, erkinlashtirish orqali erishilgan yaxshi natijalar boshqa sohalarni ham aynan shu yo‘sinda isloh qilish kerak, degan xulosani o‘rtaga chiqardi. Hayotning o‘zi tuhfa etgan xulosaga quloq tutildi.

«Dehqon xo‘jaliklari mas'uliyati siyosati»ga uyqash «sanoat mas'uliyati siyosati» e'lon qilindi. 1992 yilga kelib esa Xitoyda barcha korxonalar xo‘jalik hisobiga o‘tkazildi. Natijada atigi 5 yil ichida xususiy sanoat korxonalari soni 100 mingdan 5,8 millionga yetdi... Xorijiy kapital ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil qilish mumkin bo‘ldi.

Biroq, bularning hammasiga qishloq xo‘jaligi islohoti omil bo‘ldi. Xitoy dehqonlari boyigani sayin o‘z ehtiyojlari uchun moddiy-texnika resurslarini, sanoat mollarini sotib ola boshlashdi. Sanoat mollariga talab orta boshladi va bu sanoat rivojiga start berdi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘paygani qayta ishlash sanoati rivojini ta'minladi – «zanjir» ishga tushdi.

Qishloq xo‘jaligida o‘tkazilgan islohot natijasida mamlakatning umumiy iqtisodiy holati yaxshilandi, narxlar pastladi.

Umuman olganda, Xitoy qishloqlarida o‘tkazilgan islohot kichik xo‘jaliklarni har tomonlama rivojlantirish zamirida ulkan salohiyat borligining yorqin namunasidir. Biz o‘rganayotgan holatda, agrar sohasi islohoti boshqa barcha sohalarning rivojiga xizmat qildi, Xitoyning og‘ir kunlarida siyosiy va ijtimoiy barqarorlikni ta'minladi.

2004 yilga kelib Xitoy qishloqlarida 22 milliondan oshiq korxonalar yuzaga keldi, 138 mln odam bu korxonalarda ish bilan band bo‘ldi.

Xitoy qishloqlari islohoti – biz uchun qanday dars?

Xitoydagi qishloq xo‘jaligi islohoti mukammal bo‘lmagan – bir qancha juz'iy kamchiliklari bo‘lgan va hozir ham yo‘q emas. Zero, mazkur islohotlar kommunistik g‘oya tamoyillari bilan murosa qilishni doim taqozo etib kelgan va kelyapti.

Biroq bu islohotlardan olinadigan muhim xulosalar bor va aynan shu xulosalarni anglash, sanab o‘tish bizning joriy holatimiz uchun muhim.

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, Xitoy qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan birgina tuzatish (shunchaki jamoa bo‘lib ishlatilgan yerlar oilalarga bo‘lib berildi) ulkan o‘zgarishlarni keltirib chiqardi – «zanjirli reaksiya»ni paydo qildi.

Moddiy manfaatdorlik qancha ko‘p bo‘lsa, ishlar shuncha yaxshi bo‘lishini kuzatgan Xitoy rahbariyati tajribani iqtisodiyotning sanoat sohasiga ham tatbiq etdi va bunda hatto g‘oyaviy «cheklovlar»ga qarab o‘tirishmadi — yo‘llarni (imkoniyatlarni) ochib berishdi. Oqibatda Xitoyda millionlab xususiy korxonalar vujudga keldi!

Ko‘ryapmizki, Xitoy rahbariyati vaziyatni to‘g‘ri baholadi. Kompartiya rahbarlari ichida turli qarashdagi kishilar o‘rtasida tortishuv bo‘lganiga, yakdillik bo‘lmaganiga qaramay, to‘g‘ri o‘zgarishlar qilishga qaror qilindi.

Yana shuni aytish kerakki, Xitoy hukumatidan qishloqlarni isloh qilish deyarli hech narsa talab qilmadi, axir, shunchaki kolxozlarga barham berilib, yerlar oilalarga bo‘lib berildi. Sohada ijobiy o‘zgarishlar esa o‘z-o‘zidan keldi – dehqonlarning faollashuvi orqali.

Bu kabi islohot O‘zbekistonning yaqin tarixida ham yuz bergan. Mustaqillikning ilk damlarida, sobiq ittifoq davrida shakllangan iqtisodiy tizim buzilib, endilikda mustaqil bo‘lgan mamlakatlar og‘ir iqtisodiy ahvolda qolgandilar. Vaziyatdan chiqib ketish uchun O‘zbekistonda qishloq aholisiga oz-ozdan bo‘lsa ham yer ajratilgandi, sobiq kolxozlar yerlari esa oilaviy pudrat asosida oilalarga bo‘lib berildi.

Davlat rejasini bajarib qo‘ygandan keyin yer oilaning ixtiyorida qoladigan bo‘ldi, pudratchi oilalar oyoqqa tura boshladi, qolganlar davlat bergan tomorqalardan foyda ko‘ra boshlashdi.

Aynan shu qarorlar mamlakatni vujudga kelgan ijtimoiy taranglik va iqtisodiy tanglikdan chiqarib olgandi. Chunki bir necha million oila o‘z yeriga «yopishdi» – qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtira boshladi. Minglab yakka tadbirkorlar mahsulotni mamlakat bozorlariga tashib sotishdi, ortganini MDH mamlakatlariga olib borib sota boshlashdi. Qishloqlarda iqtisodiy hayot «qaynadi». Mamlakatga valuta kira boshladi. (O‘sha paytda vodiy va aholisi zich boshqa hududlarda, qishloqlarda yashaganlar buni yaxshi eslashadi).

Bu hol davlat tomonidan hech qanday mablag‘ sarflanmasdan, shunchaki aksari yerda ishlashga mushtoq bo‘lib turgan qishloq oilalariga yer (imkon) berish bilan bo‘ldi.

Tabiiyki, moddiy ahvoli yaxshilangan qishloq ahli ishlab topgan pullariga o‘ziga kerakli mollarni sotib ola boshladi, bundan esa shaharlarning ahvoli yaxshilandi – sanoat, bozorlarda savdo rivojlandi. Xuddi Xitoydagi kabi zanjirli reaksiya ishga tushayotgan edi.

Biroq, O‘zbekistonda mazkur ijobiy tajribadan tegishli xulosa chiqarilmadi – erishilgan natijani mustahkamlash, ya'ni yerda ishlayotganlarni tobora davlat rejalaridan ozod etish, ularni mustaqil dehqonlarga aylantirib borish, yer egalari sonini ko‘paytirish o‘rniga, aksincha, kamaytirish, rejali qishloq xo‘jaligi salmog‘ini esa ko‘paytirish yo‘lidan borildi.

Yerlarni to‘g‘ri istifoda etish orqali qishloqlarda imkon qadar ko‘proq iqtisodiy faol qatlamni yuzaga keltirish imkoniyatidan foydalanilmadi.

Keyinroq yuzaga kelgan mehnat migratsiyasining «poydevori» o‘sha paytda tashlangan edi.

Buning ustiga, meva-sabzavotni chetga chiqarib sotish qiyin bo‘lib qoldi (chegara qo‘qqisdan yopiladigan bo‘lib qoldi), iqtisodiy siyosatda salbiy o‘zgarishlar bo‘ldi, erkin konvertatsiya bekor qilindi va h.k.

Ya'ni ishlar oldinga emas, ortga qarab ketdi. Meva-sabzavot eksporti qimorga o‘xshab qoldi: chegara ochiq bo‘lganda dehqon foyda ko‘radi, yopilib qolsa narx tushib ketib, xonavayron bo‘ladi. Hozirda qishloqlarda ba'zilar tomorqalarida ekin ekishdan ko‘ngillari soviganining sababi shu – dangasalik emas. Chunki tavakkalchilik ancha katta.

O‘zbekistonda tashkil qilingan fermerchilik esa sobiq sovet ittifoqida yo‘lga qo‘yilgan, ma'muriy boshqaruv bilan yuritilgan qishloq xo‘jaligining biroz o‘zgartirilgan shaklining bozor iqtisodiyoti sharoitida tatbiq qilinishi bo‘ldi. Tabiiyki, bir tuzum uchun o‘ylab topilgan iqtisodiy shaklni mohiyatan boshqa tuzumda joriy qilish xato bo‘ldi. Natijani ko‘rib turibmiz: huquqlarning buzilishi, kam foyda, millionlab mehnat migratsiyasi, tubi ko‘rinmaydigan ijtimoiy muammolar.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilishning muvaffaqiyatli Xitoy tajribasi «mamlakatimizni isloh qilishda nimadan boshlash kerak?» degan savolga javob go‘yo – islohot zanjirining bosh halqasi biz uchun nima ekanini ko‘rsatib beruvchi ko‘rgazma.

Xitoy millionlab hayot uchun kurashayotgan dehqonlariga yer berib, islohot motorini ishga tushirib yubordi. Bu yo‘lda Xitoy rahbarlari ahamiyati past e'tirozlarga e'tibor berishmadi, chunki tarozining bir pallasida muhimroq narsa turgan edi – qishloq oilalarini iqtisodiy faol qatlamga aylantirish. Va butun Xitoy bundan yutdi.

Bizning vaziyatimiz, miqyos ko‘p barobar kichik bo‘lsa-da, Xitoynikiga o‘xshash: bizda ham millionlab o‘z Vatanida, bolalari va ota-onasi oldida yashab, ishlashni istaydigan (ammo chet elda ishlashga majbur bo‘layotgan, o‘zga iqtisodiyotlarga arzon ishchi bo‘lib xizmat qilayotgan) qishloq yoshlari bor.

Bu yoqda esa iqtisodiy nonsens – aholisi zich hududlarda 100 gektarlab yer bir kishiga biriktirilgan, sovet tuzumi ortda qolganiga qaramay, dehqonlar paxta va bug‘doy rejasini bajarishga «safarbar» etilgan. Minglab tadbirkorlik (dehqonchilik) iqtidorini o‘zida olib yurgan yoshlarimiz «qora ishchi» tamg‘asini ko‘tarib o‘zga yurtlarda yurishibdi. Holbuki, bunday toifa yoshlar – har qanday millatning bebaho boyligi, ularga imkon berish kerak.

Ammo aytish kerakki, yoshlarga yer berish masalasi hozirgidek, ya'ni faoliyat yuritib turgan fermerlar yerlarining ma'lum qismini bir necha sotixdan qilib yoshlarga bo‘lib berish bilan ijobiy hal bo‘lmaydi.

Masala kompleks hal etilmog‘i lozim: yoshlarga yer uzoq muddatga va huquqlari ta'minlangan holda berilishi lozim. Yoshlar «mana bu mening yerim», deya olsin. Yosh dehqon yerini yaxshi ko‘rsin, yaroqsiz holga keltirib qo‘yishdan qo‘rqsin, har bir qarichini asrab-avaylasin, novatsiyalar, intensiv uslublar borasida izlansin. Hayotini yer bilan bog‘lasin.

Bu esa qishloq xo‘jaligi sohasida tub o‘zgarish qilishimizni – aholisi zich mintaqalarimizda fermerchilikning hozirgi shaklidan voz kechishni, kichik oilaviy dehqon xo‘jaliklarini yuzaga keltirishni, davlat rejasiga muvofiq ishlashdan voz kechishni, nihoyat sohada to‘liq bozor munosabatlariga o‘tishni taqozo qiladi.

Aminmanki, shundagina mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq hozirgi ahvol yengillashadi, qishloqlarimizda iqtisodiy faol o‘rta sinf yuzaga keladi.

Bu esa hozirda faqat davlat egnida bo‘lib kelayotgan qishloqlarni obod qilish masalasi – ko‘lami tubsiz ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yukini yengillashtiradi. Zero, bu yukning sezilarli qismini o‘sha iqtisodiy faol qatlam o‘z-o‘zidan, birov buyurmasa ham o‘zining egniga oladi.

Qishloqlardagi muammolar: buzuq yo‘llar, eskirib ishdan chiqqan infrastruktura, eskirgan maktablar, qarovsiz qolgan nochor oilalar, nogironlar – bu muammolarni hal qilishda aynan mana shu faol qatlam davlatga ko‘makdosh bo‘ladi, hali aytganimizdek, buyruq va chaqiriqlarsiz.

Qishloqlarda ta'limni rivojlantirish muammosi ham aslida mana shu masalaga – o‘ziga to‘q oilalar sinfini yuzaga keltirishga bog‘liq. Otasi Rossiyada qora ishchi bo‘lib yurgan, onasi yakka o‘zi ming tashvishni egniga olgan bolaning ta'lim-tarbiyasi qanaqa bo‘ladi-yu, har taraflama oyog‘ida mustahkam turgan tadbirkor ota-onaning tarbiyasini olish nima degani? Bilamizki, tadbirkor ota-ona ko‘pincha maktab bergan ta'lim bilan cheklanmasdan, farzandiga qo‘shimcha ta'lim berishga moyil bo‘ladi.

Xullas, hozirda qishloqlarda iqtisodiy faol o‘rta sinfni yuzaga keltirishdan ulkanroq maqsadning o‘zi yo‘q. Bu sinf avvalida shunchaki «dehqonlar» deb atalsa ham, ertaga ularning ichidan ko‘plab novator-tadbirkorlar yetishib chiqadi. Keyinchalik bu dehqonlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, ixtiyoriy ravishda, evolyutsion tarzda birlashishadi: kooperativlarga, assotsiatsiyalarga, aksionerlik jamiyatlariga. Bu tabiiy – Xitoyda aynan shunday bo‘lgan va bu Xitoy qishloqlarda millionlab xususiy korxonalar yuzaga kelishiga olib kelgan.

Ammo, bu marralarga yetishish uchun ba'zi shartlarni bajarish lozim, bajarish shart.

Avvalo, hammasi bozor iqtisodiyoti talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Ya'ni dehqonlarning ishlariga hech kim aralashmasligi kerak: nima ekishni, kimga sotishni o‘zlari hal qilishlari lozim. Meva-sabzavotni eksport qilish imkoniyatlari maksimal yengillashtirilishi kerak.

Meva-sabzavot eksporti bilan faqat xususiy firmalar shug‘ullanishi kerak. Bunday firmalar ko‘p bo‘lishi, ular o‘rtasida raqobat bo‘lishi uchun ularni ro‘yxatdan o‘tkazishni yengillashtirish lozim. Aslo monopoliya bo‘lmasligi kerak. Yetishtirilgan mahsulot sifatini tekshirish uchun maxsus laboratoriyalar sonini ko‘paytirish kerak bo‘ladi.

Paxta sanoati ham to‘liq bozor munosabatlariga o‘tishi kerak: paxtani uni yetishtirgan dehqon sotishi, savdolar birja orqali bo‘lishi, to‘qimachilik fabrikalari uni o‘sha birjalar orqali sotib olishi kerak. Mana shu paxta sanoati rivojini ta'minlab beradi, uni majburlov shaklidan tabiiy, moddiy manfaatdorlik bilan yuritiladigan shaklga keltiradi.

Yana shuni aytish kerakki, mazkur tadbirlar ko‘plab yukni davlat egnidan soqit qiladi. Zero, davlat tanasiga kana bo‘lib yopishib olgan ma'muriy tizim hajmini qisqartirish imkonini beradi. Shunda hokimlar-u, ichki ishlar xodimlari, prokurorlarga yig‘im-terimni nazorat qilish uchun dalaga chiqishiga, majburiy mehnatga ham hojat qolmaydi. Bizni majburiy mehnatda hech kim ayblamaydi. Soha ko‘zni quvontiradigan holga keladi.

Suv taqchilligi muammosi ham shu yo‘l bilan hal bo‘ladi – oyog‘ida mustahkam turib olgan mustaqil dehqonlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, suvni iqtisod qiluvchi tizimlarni o‘zlari joriy qiladilar. Davlat faqat, deylik, 10 yildan keyin sug‘oruv suvining narxini sezilarli oshiramiz deb e'lon qilsa bo‘lgani. Kamida 50 foiz suv tejalishini tasavvur qilishning o‘zi ajib xayollarga yetaklaydi. Hozirgi holatda esa suvni iqtisod qiluvchi tizim joriy qilinishini tasavvur qilib ham bo‘lmaydi. Davlat bunga katta mablag‘ ajratgan taqdirda ham, natija bo‘lishi dargumon – mablag‘larning katta qismi odatdagidek talon-taroj bo‘lishi ehtimol.

Xitoy tajribasi voqelikka mos qarorlar qabul qilish: aholi sonini hisobga olgan holda kichik dehqon xo‘jaliklari sinfini yuzaga keltirish, moddiy manfaatdorlikni ko‘paytirish, dehqon va tadbirkorni ozod etib, ularga nisbatan ma'muriy bosimni yo‘q qilish va bu yo‘lda muntazam ildam borish – bizning holatda rivojlanishning yagona omili ekanining yorqin ko‘rgazmasi. Shu yo‘ldan borishimiz kerakka o‘xshaydi.

Shokir Sharipov

Top