11:33 / 15.03.2021
4314
Rakuten aksiyalari bahosi yangi investitsiya haqidagi xabardan so‘ng 20 foizga qimmatlashdi

Dushanba kuni Yaponiyaning texnologik giganti Rakuten AQShdagi raqiblari bilan yaxshiroq raqobat qilishi uchun 2,2 milliard dollar jalb qilmoqchi ekanini ma'lum qilganidan so‘ng kompaniya aksiyalari bahosi 20 foizga ko‘tarildi.

Rakuten juma kuni 8,3 foiz aksiyasini Japan Post pochta va bank gigantiga sotishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi va bu Mikitani oilasi tegishli bo‘lmagan eng katta ulush bo‘ladi. Xitoyning Tencent internet kompaniyasi aksiyalarning 3,6 foizi, AQShning Walmart riteyleri esa 0,9 foizini sotib oladi.

Rakuten e-tijorat, mobil aloqa, video striming va moliyaviy texnologiya sohalarida 70dan ortiq biznesga egalik qiladi. Kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 16,4 milliard dollarni tashkil qiladi.

Rakuten asoschisi, raisi va bosh menejyeri Xiroshi Mikitani dushanba kuni CNBC’ga bergan intervyusida uning kompaniyasi «tez o‘sib borayotgani va yanada rivojlanish uchun ko‘proq kapital kerakligi»ni aytgan.

Uning aytishicha, Rakuten va Japan Post birgalikda ayniqsa qishloq hududlarida yetkazmalarni sun'iy intellekt imkoniyatlarini yanada samaraliroq qilish ustida ishlashadi. «Ikki kompaniya, shuningdek, moliyaviy texnologiyalar sohasida ham hamkorlik qilishi mumkin», deydi Mikitani.

Xitoy bozoriga kirish

Shuningdek, Tencent bilan hamkorlik Xitoy bozoriga kirishga Rakuten’ning yana bir bor urinishi bo‘ladi. Mikitanining aytishicha avvalroq Xitoyning yana bir internet giganti Baidu bilan urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

«Rostini aytsam, Xitoy kirishimiz uchun juda qiyin bozor bo‘lib kelyapti. Endi Tencent bilan hamkorlik qilib, yapon mahsulotlarini Xitoy bozoriga olib kirishimiz mumkin. Yapon kontentini ham...», deya bayonot bergan u CNBC’ning “Squawk Box Asia” dasturiga.

O‘tgan yili Rakuten’ning aylanma mablag‘i 13,35 milliard dollarni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 15,2 foiz o‘sish kuzatilgan.

Top