17:21 / 17.03.2021
12690
Bahodir Yusupaliyev: «Emlanish ixtiyoriy, hech kim majburlanmaydi»

Bugun, 17 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “SOVID-19 bilan bog‘liq bugungi vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

OAV vakillari ishtirokidagi bu anjumanda ko‘pchilik kutganidek asosiy savollar COVID-19’ga qarshi AstraZeneca vaksinasidan favqulodda vaziyatlarda foydalanish bo‘yicha bo‘ldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari Bahodir Yusupaliyev savollarga javob berarkan, O‘zbekiston faqat AstraZeneca vaksinasi bilan cheklanmasligini bildirdi.

“O‘zbekiston faqat AstraZeneca vaksinasi bilan cheklanib qolmaydi, jarayon davom etadi. Boshqa vaksinalar ham o‘rganiladi va olib kelinadi. Har qanday vaksinani olish va keltirish juda murakkab jarayon. Ko‘pchilikda AstraZeneca vaksinasi bo‘yicha turli hadiklar bor. Lekin bir narsani unutmaslik kerak – hech kim majburlab emlanmaydi. Emlanish ixtiyoriy.

Yana bir jihatga e'tiboringizni qaratmoqchiman, dunyoning hech bir davlatida AstraZeneca vaksinasidan voz kechilmagan, faqat qo‘llash vaqtincha to‘xtatilgan holatlar bor. Chunki ko‘p davlatlarda 65 yoshdan yuqorilar birinchi bo‘lib emlandi, ularda turli asoratlar ehtimoli yuqori. Umuman, nafaqat koronavirus, balki barcha kasalliklarga qarshi emlashda asoratlar bo‘lishi mumkin. Hozir ham juda ko‘p kasalliklarga qarshi emlash olib borilyapti, lekin ular hech kimni qiziqtirmaydi, chunki tizim yo‘lga qo‘yilgan. Xuddi shunday, bu kasallikda ham tizimni yo‘lga qo‘yib olsak, savollarga o‘rin qolmaydi”, – deya Bahodir Yusupaliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, YuNICeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamadzoda 190 davlatning 98tasi vaksinani o‘zi sotib olishi, qolganiga bepul berilishini ma'lum qilgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top