Jahon | 21:42 / 19.03.2021
25146
5 daqiqa o‘qiladi

«U kabi bandit hech qachon bunday taklifnoma olmaydi» – AQShda boshqa siyosatchilar ham Putinni qotil deb atagan

AQSh prezidenti Jo Bayden rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinni qotil deb hisoblashini aytgach, bu gap Rossiyada ko‘pchilikning nafratiga sabab bo‘ldi. Putinning o‘zi ham tezda munosabat bildirib, «Kim nima degan bo‘lsa, o‘zi shunaqa» deb chiqdi.

Aslida Bayden yo‘q joydan Putinni qotil deb atagani yo‘q. ABC jurnalisti, o‘z vaqtida Bill Klintonning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan Jorj Stefapolus bu mazmundagi javobni Baydenning og‘zidan «sug‘urib oldi»: «Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» deb so‘radi jurnalist. Bayden esa shunchaki tasdiqladi. Aslida AQSh yetakchisi bu mavzuni ochmoqchi emas, shunchaki Putin qilgan ishlari uchun javob berishini aytmoqchi edi.

AQSh prezidentlari Putin haqida nimalar deyishgan?

Aslida bunday savolga Bayden tasdiq bilan javob berishi Vashington uchun yangilik bo‘lmadi. Chunki u saylov kampaniyasi davomida Putinni «KGB banditi» deb atagan va u Trampni o‘zining qo‘g‘irchog‘iga aylantirganini ta'kidlagandi.

Mamlakatning oldingi prezidentlari ham Putinni Baydendan qolishmaydigan qilib «alqashgan». Masalan, Baraka Obama 2016 yil Putinni «bandit», «bezori» deb atagandi. Obama o‘zi bilan suhbatlashgan Putinni eslar ekan «U oxirgi partada zerikib o‘tirgan maktab o‘quvchisini eslatadi, suhbatni diqqat bilan tinglamaydi», degandi. Putin bilan go‘yoki yaxshi munosabatda bo‘lgan, hatto 9 maydagi paradda qatnashgan kichik Jorj Bush Putinni «ko‘p narsani bilmaydigan» deb atagan. Bush administratsiyasi vaqtida mudofaa vaziri bo‘lib ishlagan Robert Geyts Putinning ko‘ziga qarab, kutganidek «sovuqqon qotilni ko‘rgani»ni aytgan.

Amerika prezidentlariga «Putinni qotil deb hisoblaysizmi?» savolini berish odat tusiga kirgan. «Putinning odami» deb ataladigan Tramp esa bu savolga ikki marta duch kelib, har safar aniq javobdan «qochib qolgan». Tramp birinchi marta «U o‘z mamlakatini boshqarmoqda, demak mamlakat yetakchisi», degan bo‘lsa, ikkinchi marta «U odamlarni o‘ldiradi deb o‘ylaysizmi? Men buni ko‘rmaganman», degandi.

2017 yil Trampga yana bir marta bu borada savol berishgan. Fox telekanali boshlovchisi Bill O'Rayli shunday degan: «Kechirasiz, janob prezident, siz Putinni nega buncha hurmat qilasiz? U qotil-ku axir». Tramp esa xotirjam javob bergan: «Umuman olganda, qotillar juda ko‘p. Bizda ham qotillar ko‘p. Siz bizning davlatimizni shunchalik begunoh deb o‘ylaysizmi?».

Kreml Tramp ishtirokidagi faqat mana shu intervyuga salbiy munosabat bildirgan. Shunda ham Trampga emas, Putin haqida qo‘pol savol bergan jurnalistga norozilik bildirgan. Fox jurnalisti esa kulgi bilan javob bergan: «Putin administratsiyasi ularning qadrli Vladini qotil deb ataganim uchun kechirim so‘rashim kerakligini aytmoqda. Men bu uzrnoma haqida ishlayapman, keling bu savolga 2023 yilda qaytamiz».

Amerikalik siyosatchilar yana nima degan?

Putinni bandit yoki bezori deb atash amerikalik siyosatchilar uchun yangilik emas. Demokratlar ham, respublikachilar ham bu borada bir-biridan qolishmagan. Marhum senator Jon Makkeyn 2016 yil CBS telekanaliga bergan intervyusida Putinni «bandit, qotil va KGB agenti» degan. Putinni AQSh prezidentligiga sobiq nomzodlar Mitt Romni, Mark Rubio va Berni Sanders ham qotil deb atagan. Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi esa Tramp Putinni Vashingtonga taklif qilib qolsa, Rossiya prezidenti Kapitoliyga taklif qilinmasligini aytgandi. «Putin kabi bandit hech qachon bunday taklifnoma olmaydi», degan Trampning doimiy tanqidchisi Nensi Pelosi. Uning fikrini Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonell ham qo‘llab-quvvatlagan.

Mavzuga oid