16:37 / 24.03.2021
1448

Norinda ikkita kichik sanoat zonasiga tamal toshi qo‘yildi

Dastlab, tumanning "Marg‘izor" mahallasida "Oq oltin" kichik sanoat zonasiga tamal toshi qo‘yildi.

Mazkur KSZ hududi 4,8 gektardan iborat bo‘lib, bu yerda tez fursatlarda ishga tushadigan 30 ga yaqin loyihalar joylashtiriladi. Ularning umumiy qiymati 42,1 milliard so‘mni tashkil etib, shundan 25 milliard so‘mi yoki qariyb 60 foizi tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. Loyihalar ishga tushirilishi natijasida 465 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

Ushbu maydonda avvallari eski jamoa xo‘jaligiga tegishli molxona joylashgan edi. Hozirgi kunda binolar buzib tashlangan, yer maydonlari esa qarovsiz holatga kelib qolgan. Xalq deputatlari Norin tuman Kengashi qarori bilan mazkur yer maydoni tuman hokimligi zahirasiga qaytarilib, sanoat zonasi tashkil etilmoqda.

Shu kuni "Katta Yaydoq" mahallasida "Yoshlar" kichik sanoat zonasining qurilishiga ham start berildi.

Kichik sanoat zonasi 1,4 gektardan iborat bo‘lib, bu yerda tez fursatlarda ishga tushadigan 20 ga yaqin loyihalar joylashtiriladi. Ularning umumiy qiymati 33,6 milliard so‘mni tashkil etadi, loyihalar ishga tushirilishi natijasida esa 469 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi. 

Ma'lumot uchun, Norin tumanida jami 4 ta yangi kichik sanoat zonalari tashkil etilib, ularda jami 82 ta loyiha ishga tushirilishi evaziga 104 mlrd. 500 mln. so‘mlik 54 ta loyiha amalga oshirilishi orqali 1210 ta ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid
Top