Prezident “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorga asosan, hududlarda klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Belgilanishicha:
a) kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
b) kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlariga egalik qilishning majburiy sharti sifatida ushbu kichik sanoat zonasining bosh rejasiga asosan mebel va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish obektlarini joylashtirish belgilanadi;
v) kichik sanoat zonasidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilgan yer maydonlarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilishdan tushgan tushumning mahalliy budjetga yo‘naltiriladigan qismi budjetning qo‘shimcha daromadi sifatida shakllantiriladi va kamida 30 foizi ushbu hududda yangi yer maydonlarini qishloq xo‘jaligiga kiritish uchun sarflanadi;
g) tashkil qilinayotgan kichik sanoat zonalarining tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish tadbirlari:
- ichimlik suvi, oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlari bo‘yicha – 2021-2023 yillar uchun davlat budjetida nazarda tutilgan mablag‘lar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlari bo‘yicha – o‘rnatilgan tartibda ta'minotchi korxonalar mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Belgilanishicha, kichik sanoat zonalarini tashkil qilish uchun yer maydoni ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.
2021 yil 15 iyundan boshlab, quyidagi xarajatlarni Eksportni rag‘batlantirish agentligi qoplab beradi:
- 2021-2024 yillarda yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalarning xomashyo (TIF TN bo‘yicha 4410 va 4411 kodlari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi miqdorida;
- 2024 yil 1 yanvarga qadar mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan eksport qiluvchi korxonalarga mebel mahsulotlarini barcha davlatlarga, shu jumladan, qo‘shni davlatlarga eksport qilishda avtomobil va temir yo‘l tashish xarajatlarining 50 foizi, biroq mahsulot eksport qiymatining (transport xarajatlarisiz) avtomobil transportida 5 foizidan, temir yo‘l transportida 7 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorida.










